Rossiyalik tadbirkor o‘z bankini Nazarboyev universiteti tuzilmasiga sotib yubordi

Jahon 11:00 / 14.12.2017 5958

Rossiyalik tadbirkor Igor Kim Qozog‘istondagi Ekspokredit bankini Nazarboyev universiteti tomonidan bilvosita nazorat qilinuvchi tuzilmaga sotdi, deb xabar bermoqda Reyter bank va kelishuvning har ikki tomoniga tayangan holda.

Ular kelishuv miqdorini aytishdan bosh tortishdi. Ekspokredit vakilining aytishicha, kelishuv bozor shartlarida imzolandi va Qozog‘iston Milliy banki tomonidan ma'qullandi.

Bank saytida joylashtirilgan ma'lumotga ko‘ra, 2017 yilning noyabrida uning aksiyadori o‘zgargan – Kimning o‘rniga ZIM Capital investkompaniyasi kelgan. Uni Pioneer Capital Invest kompaniyasi hamda Ijtimoiy taraqqiyot fondi orqali Nazarboyev universiteti tashkiloti nazorat qiladi, bundan Qozog‘iston elektron hukumat portalidagi ma'lumotlar darak bergan.

“Bank bevosita yoki bilvosita boshqa tashkilotlar tomonidan nazorat etilishi haqidagi taxminlar nomaqbuldir”, - deyiladi ZIM Capital kompaniyasi vakilining maktubida.

Qozog‘iston hukumatining ZIM Capital ishtirok etuvchi kelishuvlarga, jumladan bankda ulushga ega bo‘lishga hech qanday aloqasi yo‘q, hamda bu borada qandaydir qarorlar qabul qilinmagan, deyiladi Ekspokredit vakili izohida.

Uning xabar berishicha, bank ZIM Capital’ga biznes diversifikatsiyasi va rebrending jarayonini boshlash hamda menejmentni o‘zgartirish uchun kerak.

Igor Kim nazorati ostida bo‘lgan Rossiyaning Ekspobank direktorlar kengashi a'zosi Kirill Nifontovning Reyterga aytishicha, Ekspokredit malakali sarmoyadorga sotilgan, u Qozog‘iston Milliy banki tomonidan ma'qullandi. Nifontov kelishuv miqdorini ochiqlamadi, shartlar o‘zaro manfaatli bo‘lganini aytib o‘tdi.

Nifontonovning so‘zlariga ko‘ra, Kim Rossiya va Yevropada banklarni xarid qilish hamda rivojlantirishga e'tiborni qaratmoqchi. Ekspobankning Latviya, Kipr, Serbiya va Chexiyada kichik tuzilmalari bor.

Ekspokredit Qozog‘istonda aktivlar hajmi bo‘yicha 29-o‘rinni egallaydi. Biroq 2017 yilning boshidan beri u keskin qisqara boshladi – 1 oktabr kungi bank hisobotiga ko‘ra, ular 75 foizga kamayib, 5,6 milliard tengeni tashkil qildi.

Nazarboyevlar oilasi esa Qozog‘iston bank sektorida ishbilarmonlik manfaatlariga ega. Uning qizi Dinara turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev bilan mamlakatdagi eng yirik ikki bank: Xalq va Kazkommertsbankni nazorat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: