Ko‘chmas mulk bilan bitimlar uchun yana 2 ta ma'lumotnomani onlayn olish mumkin

O‘zbekiston 12:20 / 14.12.2017 8810

2017 yilning 1 dekabridan boshlab YaIDXPning yangi versiyasida Toshkent shahri hududida ko‘chmas mulk obektiga nisbatan xatlov yoki taqiq mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotnoma berish xizmati ishga tushirildi, deb xabar bermoqda Norma.uz.
 
Shuningdek, ko‘chmas mulk bilan operatsiyalarda aniq fuqaroning mulk huquqi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma talab etiladi. Endi ushbu hujjatni ham elektron shaklda olish mumkin.
 
Xizmatlardan yuridik va jismoniy shaxslar bepul foydalanishlari mumkin. So‘rov bajarilishi uchun ariza beruvchi o‘z shaxsiy kabinetida kadastr raqamini va manzilini o‘z ichiga oladigan yashash joyi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘ldirishi zarur.
 
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, ko‘chmas mulk to‘g‘risida kelib tushayotgan so‘rovlar bo‘yicha axborot avtomatik rejimda ma'lumotlar bazasida mavjud ma'lumotlardan shakllantiriladi.
 
Ayni paytda YaIDXPning «Ko‘chmas mulk» bo‘limida quyidagi interaktiv xizmatlardan ham foydalanish imkoniyati mavjud:

• Oldi-sotdi, almashtirish yoki hadya qilish arizasini onlayn berish;
• Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasini olish uchun buyurtma berish;
• Turar joyni noturar joy toifasiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror uchun buyurtma.

Ko‘proq yangiliklar: