Qozog‘istonda 400 dan ko‘proq konchi yer ostida qolmoqda 

Jahon 22:54 / 14.12.2017 6990

Qozog‘istonda ArcelorMittal kompaniyasining 400 dan ko‘proq konchisi yer ostida qolmoqda. Ular kompaniya rahbariyatidan maoshlari oshirilishi va mehnat sharoitlarining yaxshilanishini talab qilishmoqda.

11 dekabrda ArcelorMittal’ning 4 ta konida 200 ga yaqin konchi smena yakunlangandan keyin ish joylarini tark etishdan bosh tortganlar. Shundan keyin kompaniyaning mahalliy bo‘linmasi rahbariyati va konchilar kasaba uyushmalari o‘rtasida muloqot boshlangan. 12 dekabrda Qozog‘iston mehnat vaziri Tamara Duysenova tashqariga 680 dan ko‘proq konchi chiqishni istamayotganini ma'lum qilgan. Ushbu ish tashlash Qozog‘iston bosh vaziri Bakitjan Sag‘intayevning ArcelorMittal’ning asosiy aksiyadori Lakshmi Mittal bilan muloqot qilishiga sabab bo‘lgan. 13 dekabrda gubernator bilan suhbatdan keyin 150 dan ko‘proq konchi yuqoriga ko‘tarilgan.

“14 dekabrda rahbariyat bilan suhbatdan keyin 100 ga yaqin kishi yer ostidan ko‘tarildi. 4 ta shaxtada 400 dan ko‘proq odam qoldi. Boshqa konlarda yer ostida odamlar yo‘q”, deyilgan kompaniya xabarida.

Ma'lum qilinishicha, 14 dekabrda “Tentekskaya” koniga “ArselorMittal Temirtau” AJ bosh direktori Paramjit Kalon va hukumatning bir necha vakillari kelgan.

“Men bugun konga 4 marta tushib, konchilarga yer ostida o‘tirish yechim emasligini, zudlik bilan yuqoriga chiqib, muzokaralar boshlash kerakligini tushuntirdim. Konchilar ko‘nib, yuqoriga chiqmoqdalar. Shaxsan o‘zim bugun 37 kishini yuqoriga olib chiqdim”, deb aytgan "ArselorMittal Temirtau"ning ko‘mir ishlab chiqarish departamenti direktori Tanat Dauov. 

"ArselorMittal Temirtau" AJ ArcelorMittal kompaniyasi tarkibiga kiradi va Qozog‘istondagi eng yirik tog‘-metallurgiya korxonasi hisoblanadi. ArcelorMittal dunyoda po‘lat ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniyalardan hisoblanib, 60 ta davlatda vakolatxonalari va ishlab chiqarish quvvatlariga ega.  

Ko‘proq yangiliklar: