Xaltadagi pullar va 40 daraja issiqda choy. O‘zbeklarning ertaknamo hayoti haqida haqiqatlar

Light 22:44 / 14.12.2017 69356

«AiF» sharhlovchisi Georgiy Zotov O‘zbekistondagi hayotni kuzatib, bu yerdagi o‘ziga xos jihatlarga alohida to‘xtalib o‘tdi hamda o‘z fikrlarini suratlar bilan birga taqdim etishga qaror qildi.

Siz O‘zbekistondasiz, agarda...

1. Pul almashtirishga plastik paket yoki ryukzak bilan borayotgan bo‘lsangiz. Keyin pullarni bankomatga solgan kabi ularga joylaysiz. Bu hali vaziyatning yaxshilangani, zero avval bunday "sayohat" uchun avtomobil yukxonasi kerak bo‘lardi. O‘zbekistondagi eng yirik kupyura — 50 000 so‘m, ya'ni taxminan 360 Rossiya rubli. Almashtirgan pullaringizga yoki "o‘n mingtalik", yoki "besh mingtalik" beriladi.

 Foto: Shutterstock

2. Siz pullarni "qora bozor"da almashtirib, vaqti-vaqti bilan jinoyat sodir etayotgan bo‘lsangiz. Avval O‘zbekistonda ikki xil valyuta kursi bo‘lgan — banklarda va ko‘chadagi valyutafurushlarda (ular rubllarni banklardan ikki barobar qimmatga olishdi). Banklar sayyohdan valyutani xarid qilishi mumkin, biroq sotish - yo‘q, shuning uchun qing‘ir yo‘l bilan valyuta almashtirish istagida bo‘lganlar u qadar ko‘p emas. 2017 yilning sentabridan kurs "qora bozor"ga tenglashtirildi. Agarda AQSh dollari hamma joyda bitta kursda sotilsa/sotib olinsa, Rossiya rublini (rasmiy kurs - 136 so‘m) banklar turlicha baholashadi - qayerdadir 110 bo‘lsa, yana qayerdadir - 100.

3. O‘zingiz bilan birga olib kelgan pullarni jismonan sarflay olmasligingizni anglab yetayotgan bo‘lsangiz. To‘rtta idishda katta-katta qo‘y go‘shti bo‘laklari - 200 rubl, salatlar - 30 rubldan, 3-4 kilometrlik qisqa masofalarga taksi - 25-35 rubl, muzlatgichga suvenir-magnit - 37 rubl, bozordagi qovun - 20 rubl, Toshkentdagi aeroportdan taksi - agar savdolashishga erinsangiz, 230 rubl.

Foto: RIA "Novosti"

4. Yo‘lda uchragan har bir mahalliy aholi vakili sizga yo o‘zi Rossiyada ishlab kelgani, yoki qarindoshi hozir o‘sha yerda ekanini aytsa. O‘zbekistondagi o‘rtacha ish haqi — 5800 Rossiya rubli, shu bois har yili o‘rtacha 5 million o‘zbek mavsumiy ishlar uchun Rossiyaga yo‘l oladi, yana ko‘plar Qozog‘iston va Turkiyada mehnat qiladi.

5. Siz qurigan o‘riklar — turshak navlarini ajrata boshlasangiz. Rossiyada turshak — bu turshak, hech qanday variantlarsiz. O‘zbekistonda esa ular farqlanadi — kimyoviy va tabiiy yo‘l bilan quritilgan, soya-salqin yoki quyosh nuri ostida  quritilgan turshaklar bor. Boz ustiga, har bir viloyat mevalarni quritishning o‘ziga xos usuliga ega. Somsa ham xuddi shunday.

Buxoroda sizga eng yaxshi somsa ularda ekanini aytishsa, Toshkentda bu gapga miyig‘ida kulib qo‘yishadi, Samarqandda esa Buxoro somsasini ham, Toshkent somsasini ham haqorat qilishadi. Palov ham shunday. Samarqandda palov mana bunday uzatiladi: guruch alohida, go‘sht alohida, sabzi alohida. Barini aralashtirib berishni so‘rasangiz, sizga ahmoqqa qaragandek qarashadi: "Palovni bo‘tqaga aylantirishga ne hojat?" Biz odatda iste'mol qiluvchi palov Toshkent va Farg‘onada tayyorlanadi.

Foto: Advantour

6. Siz hamma yerda maqsadli ravishda choy ichayotgan bo‘lsangiz. Choy chiroyli naqshinkor choynaklarda uzatiladi. Agar bizdagidek limon bilan birga buyurtma bersangiz, bizdagi kabi bir bo‘lak limon bilan olib kelishmaydi — saxiylik bilan choynakka bir butun (!) limon solinadi. Bu yerda issiqda ham, sovuqda ham choy ichiladi. O‘zbekistonda qahva so‘ramagan ma'qul. Aks holda sizga hatto tashqi ko‘rinishidan ham qahvaga o‘xshamaydigan tushunarsiz bir narsani olib kelishlari aniq.

Choy ichish an'analarining ham o‘ziga xos ma'nolari bor. Mehmonga borganingizda piyolani to‘ldirib choy quyilsa, demak bu xonadon egalari sizning tashrifingizdan xursand emasliklarini bildiradi. Agar piyola yarim to‘la bo‘lsa, mehmon bo‘lishda davom etavering, ular sizning tashrifingizdan xursand. O‘zbekistonga borsangiz, "40 daraja issiqda qanday qilib choy ichasiz?" deya qiziqib ko‘ring. Sizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Sizlar ham qishda muzqaymoq yeysizlar-ku!" deb javob berishadi.

7. Ko‘p joylarda reklama va bannerlar kirill yozuvida bo‘lsa. Anchagina do‘kon va mehmonxonalar ruscha nom olgan. 70 foiz adabiyot kirill yozuvida chop etilgan. 24 yil avval O‘zbekiston lotin yozuviga o‘tishga qaror qilgan va bu u qadar muvaffaqiyatli amalga oshmagan. Lotin yozuvi hanuz "rus" alifbosini siqib chiqara olmagan.

8. Siz har qadamda savdolashishga o‘rganib qolgan bo‘lsangiz, chunki bozor yoki taksida sizni pulingiz ko‘p deb o‘ylab, narxlar ikki barobar yoki hech bo‘lmaganda, 30 foizga qimmat aytiladi. Bundan xafa bo‘lishga hojat yo‘q, bu Sharqqa xos xususiyat. Savdogar mahsulot uchun astoyidil savdolashmasa, zerikadi — bu ertak emas, o‘zbekcha hayot.

Foto: Shutterstock

9. Atrofda hamma rus tilida so‘zlasha olsa — turli darajada, albatta, lekin gaplashiladi. O‘zbekiston — 18-20 yoshlilar birorta rus tilidagi so‘zni bilmaydigan Pribaltika emas. Maktablarda rus tili o‘qitiladi: Buxoroda ham, Samarqandda ham, Toshkentda ham ko‘chada o‘ynayotgan 5-6 yoshli bolalar o‘z nutqiga ruscha so‘zlarni qo‘shib so‘zlashayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Hatto katta yoshli o‘zbeklarning o‘zi ona tilida suhbatlashayotganida, "spravka", "xolodilnik", "samolyot" kabi so‘zlarni eshitasiz.

Ko‘proq yangiliklar: