Yangi yildan moliya va soliq organlari rahbarlariga javobgarlik va rag‘batlantirish choralari ko‘riladi

O‘zbekiston 00:59 / 14.12.2017 39107

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini oshirish, mahalliy byudjyetlarga tushumlarning to‘liqligini ta'minlash bo‘yicha soliq va moliya organlari javobgarligini kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi.

Farmon mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash va nomarkazlashtirish asosida hududlarni kompleks rivojlantirishni barqaror moliyalashtirish, byudjyetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, yangi ish joylari yaratish hamda aholi bandligini ta'minlash, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish hisobiga soliq salohiyatini kengaytirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ularning mas'uliyatini oshirishni ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Quyidagilar mahalliy byudjyetlar darajasida soliq-byudjyet siyosatining ustuvor vazifalari etib belgilanmoqda:

1. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning aniq turlarini ularga biriktirib qo‘yish orqali mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash;

2. Viloyatlar, shahar va tuman byudjyetlarini subventsiyadan chiqarish, ularning yuqori turuvchi byudjyetlar ajratmalariga bo‘lgan qaramligini bosqichma-bosqich qisqartirish, buning asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari erkinligi va mas'uliyatini oshirish;

3. Mahalliy byudjyetlarning daromadlarini oshirish uchun tizimli asosda qo‘shimcha rezervlarni aniqlab borish;

4. Deputatlik va jamoat nazoratini keng jalb qilgan holda, mahalliy byudjyetlarni shakllantirishning shaffofligini va uning bajarilishi ustidan nazoratni ta'minlash;

5. Mahalliy byudjyetlar daromadlar bazasini mustahkamlash hamda xarajatlarining tasdiqlangan parametrlarini o‘z vaqtida, maqsadli moliyalashtirish, ijtimoiy soha obektlari va infratuzilmani yanada rivojlantirish va tegishli darajada saqlab turishni ta'minlash ustidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, moliya va soliq organlarining javobgarligini kuchaytirish.

Yangi o‘rnatilayotgan tartibga ko‘ra, daromadlar manbalari va xarajatlar turlari kesimida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlarining (shaharlarining) mahalliy byudjyetlari parametrlari, shuningdek, mahalliy byudjyetlarning daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash bo‘yicha hisob-kitob ko‘rsatkichlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlari (shaharlari) xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida yil choraklari kesimida atroflicha ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

2018 yilning 1 yanvaridan boshlab moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi javobgarlik va rag‘batlantirish choralari ko‘riladi:

a) soliq va moliya organlari rahbarlarini ularning lavozim maoshlaridan 50 foizgacha bo‘lgan miqdorda mukofotlash, shu jumladan:

  • mahalliy byudjyet daromadlarining tasdiqlangan prognozining ijro etilgani uchun 10 foiz miqdorda;
  • byudjyetga to‘lovlar bo‘yicha soliq qarzdorligi qisqartirilgani uchun 20 foiz miqdorda;
  • mahalliy byudjyet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash bo‘yicha hisob-kitob ko‘rsatkichlari bajarilgani uchun 20 foiz miqdorda;

b) yuqorida ko‘rsatilgan mezonlarning ijrosi ta'minlanmagani uchun ularning lavozim maoshlaridan 30 foiz miqdorida jarima sanksiyalarini qo‘llash, shu jumladan:

  • mahalliy byudjyet prognozi bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda;
  • mahalliy byudjyetga to‘lovlar bo‘yicha soliq qarzdorligi oshirilgani uchun 10 foiz miqdorda;
  • mahalliy byudjyet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash bo‘yicha hisob-kitob ko‘rsatkichlari bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda.

Moliya va soliq organlari rahbarlarini mukofotlash hamda javobgarlik choralarini qo‘llash moliya vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tumanlar (shaharlar) hokimlarining tavsiyalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: