O‘zbekiston va Qirg‘iziston biznes-forumida 140 mln dollarlik hujjatlar imzolandi

O‘zbekiston 21:30 / 13.12.2017 6001

Bugun, 13 dekabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan o‘zbek-qirg‘iz biznes-forumi va kooperatsiya birjasi yakunida 140 million dollarlik 60ga yaqin hujjat imzolandi. Ushbu tadbirlar Qirg‘iziston prezidenti Sooronboy Jeenbekovning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Biznes-forumda Qirg‘izistonning turli iqtisodiy sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi 100dan ziyod kompaniyasi qatnashdi.

Forum vaqtida O‘zbekiston Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi o‘sib borayotganini ta'kidladi. Uning ma'lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo hajmi 60 foizdan ziyodroqqa o‘sgan va 200 million dollarni tashkil etgan. U qat'iy shartnomalar evaziga bu miqdorni yil oxiriga qadar 250 million dollarga yetkazish mumkinligini qayd etgan.

Vazir O‘zbekiston Qirg‘izistonga yengil va yuk mashinalari, avtobuslar, qishloq xo‘jaligi va yo‘l texnikasining keng assortimenti, barcha turdagi mineral o‘g‘itlar, elektrotexnika va kabel-o‘tkazish mahsulotlari, maishiy texnika, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni yetkazib berishni kengaytirishga tayyorligini qayd etib o‘tdi.

Xo‘jayev O‘zbekiston va Qirg‘iziston bugungi kunda Qirg‘iziston hududida o‘zbek qishloq xo‘jalik texnikalari, avtomobillar, avtobuslar, maxsus pritsepli texnikalari, kir yuvish mashinalarini yig‘ishni tashkil etish, shuningdek, to‘qimachilik va qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish ustida ish olib borayotganini qayd etgan.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Artyom Novikov tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish salohiyatiga ega ekanini aytib o‘tdi. U Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston bozoriga oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, asal, kartoshka, piyoz, sut va go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishga tayyorligini qayd etib o‘tgan.

U mamlakatlar moliyaviy muassasalar sohasida faol hamkorlik qilishi mumkinligini ham ta'kidlagan.

Biznes-forum yakunlari bo‘yicha 140 mln dollarlik 60ga yaqin hujjat imzolandi. Bundan tashqari, 2017−2019 yillarda savdo-iqtisodiy, investitsion transport-kommunikatsion hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» savdo moliyalashtirish sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida doiraviy kelishuvga erishildi.

Ko‘proq yangiliklar: