10 yil. Muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi

O‘zbekiston 14:55 / 13.12.2017 11645

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «2017 - 2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-son Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san'at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017 yil 31 maydagi PQ-3022-son qarorini ijro etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

1. 2017 — 2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) tasdiqlandi. Dastur quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi 1-ilovaga muvofiq;

2017-2027 yillarda yangi tashkil etiladigan, qayta tashkil etiladigan va 2018 yilda faoliyati tugatiladigan davlat muzeylari ro‘yxati 2, 2-a va 2-b-ilovalarga muvofiq;

2018-2027 yillarda davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlashning manzilli dasturi 3-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat muzeylari, ularning filial va bo‘limlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq.

2. 2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi bajarilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) 5-ilovaga muvofiq tarkibda tuziladi.

3. Respublika komissiyasi (A.J. Ramatov):

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishiga mas'ul bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat ijro hokimiyati organlari faoliyatini tizimli asosda muvofiqlashtiradi, belgilangan tadbirlarning to‘liq va sifatli bajarilishi monitoringini olib boradi va nazorat qiladi;

davlat muzeylarining ishlab chiqiladigan yangi konsepsiyalari, muzey ashyolarini ishonchli saqlash, tashrif buyuruvchilar, xususan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, turistlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, arxitektura-rejalashtirish, interer, dizayn va landshaft yechimlariga e'tibor qaratgan holda har bir muzey binosining eskiz loyihasini muzeyning yo‘nalishi va mazmun-mohiyatidan kelib chiqqan holda tasdiqlaydi.

Respublika komissiyasiga, zarurat bo‘lganda, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan takliflariga asosan 2018 - 2027 yillarda davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlashning manzilli dasturiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.

4. Quyidagilar Dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturi doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar;

davlat muzeylari binolarini mukammal ta'mirlash va jihozlash ishlari bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyeti mablag‘lari;

moddiy madaniy meros obekti hisoblangan davlat muzeylari binolarini mukammal ta'mirlash ishlari bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyetidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga moddiy madaniy meros obekti restavratsiya-tiklash ishlarini bajarish uchun ajratilgan mablag‘lar;

imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi va kelgusi yillardagi Investitsiya dasturi parametrlarini shakllantirishda mazkur qarorda belgilangan davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorda belgilangan davlat muzeylari binolarini mukammal ta'mirlash va jihozlash ishlari uchun zarur mablag‘larni nazarda tutadi.

6. Belgilab qo‘yilishicha:

2018 yilda Investitsiya dasturi mablag‘lari hisobidan davlat muzeylari binolarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun obektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va 2019 yildan boshlab qurish va rekonstruksiya qilish ishlari uchun mablag‘lar ajratiladi;

muzeylarni maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar muzeylarni mukammal ta'mirlash va moddiy-texnik bazasini rivojlantirish maqsadlari uchun yo‘naltiriladi.

7. Davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta'mirlash va jihozlash ishlarini bajarish bo‘yicha buyurtmachi etib:

O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturi doirasidagi markazlashtirilgan investitsiyalar, O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyeti hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan bajariladigan ishlar bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi “Obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta'mirlash bo‘yicha buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi;

O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyetidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga moddiy madaniy meros obekti restavratsiya-tiklash ishlarini bajarish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan bajariladigan ishlar bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi belgilandi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Madaniyat vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish uchun imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish bo‘yicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib boradi.

9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2018 yil yakuniga qadar har bir tuman va shahar markazlaridagi madaniyat va aholi dam olish markazlari binosida quyidagilarni yorqin va ta'sirli aks ettiruvchi hamda muntazam ravishda yangilanib boruvchi ko‘rgazma-ekspozitsiyalarni tashkil etadi:

 

tasviriy, amaliy va xalq hunarmandchiligi san'ati yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, ayniqsa, ushbu hududdagi ijodkorlar asarlari asosida milliy istiqlol, erkin, farovon hayot, an'anaviy san'atimiz va qadriyatlarimizga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom tuyg‘ularini uyg‘otadigan ko‘rgazmalar;

xalqimizning boy tarixi, urf-odatlari va an'analari, bugungi jo‘shqin hayot manzaralari, yurtimiz odamlarining siymolari, ularning orzu- intilishlarini har tomonlama chuqur aks ettiradigan badiiy fotoko‘rgazmalar;

hududning tarixi, madaniyati, tabiati, odamlarning hayotidagi sifat o‘zgarishlari, barcha jabhalardagi rivojlanishni ifodalovchi ekspozitsiyalar.

Ushbu bandda ko‘rsatilgan ko‘rgazma-ekspozitsiyalar Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy konsepsiya va jihozlash talablari asosida tashkil etiladi hamda ularni tashkil etish, saqlash va yangilab borish xarajatlari qonun hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan qoplanadi.

10. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mazkur qarorda belgilangan davlat muzeylari binolarining eskiz loyihasi, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini va davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi davlat muzeylari binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari bajarilishining sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini amalga oshiradi.

11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: