Koreyada ishlash istagida bo‘lgan 5000 o‘zbekistonlik test sinovlarini topshirdi

O‘zbekiston 15:10 / 13.12.2017 23603

2017 yilning 13 noyabridan to 13 dekabriga qadar Koreya Respublikasida ishlash istagida bo‘lgan o‘zbekistonliklarning 5000 nafari Kompleks test markazi (KTM)da test sinovlari topshirgan. KUN.UZ muxbiri 12 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Koreyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishni istovchi fuqarolarni ro‘yxatga olish, test sanasini band qilish va test sinovidan o‘tkazish jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida berilgan ma'lumotga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Test sinovi topshirganlarning 30 foizdan ortig‘i 0 balldan 20 ballgacha, 27 foizdan ziyodi - 21-30 ball, 13 foizdan ko‘prog‘i - 31-40 ball, 10 foizga yaqini - 51-60 ball, 7 foizga yaqini esa - 61-70 ballni qo‘lga kiritgan. Eng yuqori ball - 75 ball. Test sinovidan o‘tganlarning 0,6 foizga yaqini 70 balldan 75 ballgacha natijaga erishgan.

Shu yilning 19 dekabri test sinovi davrining dastlabki kesimidagi yakuniy sana hisoblanadi. 19 dekabrdan keyin test topshiruvchi fuqarolar keyingi yakuniy sanaga qadar bo‘lgan vaqt kesimiga kiritiladi.

Anjumanda berilgan ma'lumotga ko‘ra, 2017 yilning 13 noyabridan 19 dekabriga qadar KTM sinovlaridan o‘tgan va o‘tayotgan fuqarolar o‘z ballari va reyting ro‘yxatidagi o‘rinlarini Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi saytida migration.uz/result-check havolasi orqali bilib olishlari mumkin.

Kompleks test markazi sinovlari yil davomida muntazam ravishda o‘tkaziladi. KTM saytida test sinovi kuni va vaqtini to‘g‘ri band qilgan fuqarolar test sinovlaridan o‘zlari band qilgan kun va vaqtda o‘tishadi.

KTM test sinovlari mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari mutaxassislari tomonidan tuzilgan bo‘lib, CBT - Computer Based Testing usuli bo‘yicha maxsus zamonaviy dasturiy ta'minot asosida kompyuterlar orqali amalga oshiriladi. Bu esa fuqarolarning bilimlari xolis baholanishini kafolatlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: