Kimlar Koreyada ishlashga doir test sinovlariga kiritilmaydi?

O‘zbekiston 17:50 / 13.12.2017 35680

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 13 dekabr kuni o‘tkazilgan Koreyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishni istovchi o‘zbekistonliklarni ro‘yxatga olish va ularni test sinovidan o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida 1x2018 EPS-TOPIK test sinovlarining yangi tartib qoidalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi. 

Yangi tartib-qoidalarga ko‘ra, Koreya bandlik va mehnat vazirligi (BMV) hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat vazirligi chet el ishchilarini tanlab olish uchun amalga oshiriluvchi ball tizimini e'lon qiladi. Buning boshlanishi esa joriy yilga mo‘ljallangan. Ball tizimi SRZ-TKYa asosidagi tanlov bilan birga, malaka, jismoniy holat va tajribani qo‘shgan, biroq  koreys tili mahorati bilan cheklanib qolmagan holda har tomonlama tekshirish singari turli variantlarni qabul qiladi. 

Jumladan, ma'lum qilinishicha, Koreya Respublikasida ishlashni xohlovchilarning jismoniy holati tekshiriladi. Rang ajrata olish qobiliyatiga ega bo‘lmagan, narsalarning ranglarini ko‘rishda kamchiligi bo‘lgan talabgorlarga balli tizimga asoslangan test sinovidan o‘tishga ruxsat etilmaydi. 

Bundan tashqari, umurtqa orasi diski kasalliklari, amputatsiya qilingan barmoqlar singari jismoniy nuqsoni bo‘lgan talabgorlar balli tizimga asoslangan test sinovlarida ishtirok eta olishmaydi. 

Agentlikda ma'lum qilinishicha, bularning bari fuqarolarning xavfsizligini inobatga olgan holda qayd etilgan. Zero ba'zi zavod va fabrikalarda aksariyat xavfsizlik qoidalari muayyan ranglar orqali ifodalangan, ularni ajrata olmaslik esa ayanchli tugashi mumkin. Yana boshqa korxonalarda esa og‘ir yuklar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi, bu esa yuqorida keltirilgan nuqsonlarga ega kishilar hayoti uchun xavfli. 

Ta'kidlash joizki, malaka test sinovida nomzodda ranglarni ajrata olmaslik,  umurtqa orasi diski kasalliklari, amputatsiya qilingan barmoqlar singari jismoniy nuqsonlar borligi aniqlansa, u test sinovlarini topshira olmaydi. Agar nomzodning tanlangan sohada ishlay olmasligi aniqlansa, nomzod chetlatilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: