Xorijdagi ko‘rgazma uchun tovarlar eksport kontraktisiz olib chiqib ketiladi

O‘zbekiston 15:05 / 13.12.2017 5668

Qonun hujjatlari ta'sirchanligini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining Xorijda ko‘rgazma tadbirlarini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib chiqib ketish tartibini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.
 
Tadbirkorlik sub'yektlariga xorijda ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etish uchun mo‘ljallangan ekvivalentda summasi 5000 AQSh dollarigacha bo‘lgan tovarlarni eksport kontraktini tuzmasdan va bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan olib chiqib ketishga ruxsat berish taklif qilinmoqda. Tovarga ilova qilinadigan hujjatlar olib chiqib ketish uchun asos bo‘ladi.
 
Prezidentning 3.11.2017 yildagi “Tashqi savdo faoliyatini yanada erkinlashtirish va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ilovada ko‘rsatilgan tovarlar bundan mustasno.
 
Bunda tadbirkorlik sub'yektlari O‘zbekiston bojxona organlariga yozma ravishda quyidagi ma'lumotlarni taqdim etadi:

• xorijda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarning sanasi, vaqti va joyi;
• olib chiqib ketiladigan tovarlarning nomi, miqdori va qiymati.
 
Olib chiqib ketilgan tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan mablag‘larni tadbirkorlik sub'yektlari O‘zbekiston tijorat banklaridagi o‘z hisobvaraqlariga, shu jumladan quyidagi shakllarda o‘tkazishlari mumkin:

• bank o‘tkazmasi;
• xorijiy valyutadagi naqd mablag‘larni kiritish.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: