Farg‘ona shahar hokimligi tadbirkorning faoliyatiga to‘sqinlik qilmoqda. Yechimi bormi?

Jamiyat 22:10 / 13.12.2017 55643

Kun.uz tahririyatiga Farg‘ona viloyatidagi tadbirkor nomidan murojaat kelib tushdi. Unda aytilishicha, «Qirguli kommunal servis» MChJ rahbari D.Abdullayevning faoliyati​ Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan yaratilayotgan sun'iy to‘siqlar tufayli kasodga uchramoqda. Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri dovon osha Farg‘ona vodiysi tomon yo‘l oldi.

Ma'lum qilinishicha, Abdullayev boshchiligida​ uch yildan buyon muvaffaqiyat bilan faoliyat olib borayotgan jamiyat Farg‘ona shahri va uning atrofida yashovchi aholiga kommunal xizmat ko‘rsatib keladi. Ya'ni, «Qirguli kommunal servis» MChJ maishiy chiqindilarni yig‘ishtirib olish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullandi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ishchilar maishiy chiqindi o‘z vaqtida yig‘ishtirib olish uchun maxsus texnika vositalarining har birida GPS uzatgichi o‘rnatilgani, saralash uchun esa maxsus maydon tashkil etilganini namoyish etdi. Xodimlar maishiy chiqindilar orasidan non va sabzavot bo‘laklarini ajratib olib, yuvilgan holda chorva mollariga yemak sifatida beradi. Ichimlik idishlari, shishalar ham isrof etilmay, qayta ishlash punktiga yuboriladi. 

Shuningdek, jamiyat a'zolari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va to‘lovlarni o‘z vaqtida undirib olish uchun «CleanCity» elektron billing tizimini ishga tushirgan bo‘lib, har bir to‘lov shaffof va onlayn platforma orqali boshqarib boriladi. Aholi mobil ilova orqali pul o‘tkazmasini amalga oshirishi va shu zahoti kvitansiya chekini elektron tarzda qabul qilishi mumkin. Shuningdek, maxsus tashkil etilgan punktga tashrif buyurgan har bir mijoz to‘lovlarni naqd yoki bank plastik kartochkasi orqali bajarishi belgilangan. 

Zamonaviy talab va standartlarga mos ishni yo‘lga solgan tadbirkor endilikda umumiy qiymati 1,1 mlrd. so‘mni tashkil etuvchi to‘rt bosqichli loyihani amalga oshirish uchun mahalliy banklardan biriga murojaat qilgandi.

Abdullayevning faoliyatini ijobiy baholagan bank mutasaddilarni unga yirik miqdordagi kredit mablag‘larini taqdim qilgan. Bir qaraganda barcha ish joyida, loyiha ishga tushirilgan.

Ammo, Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari R.Rahimjonov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlari hududlariga sanitar korxonalarni biriktirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2017 yilning mart oyiga qadar 16ta MFY aholisiga xizmat ko‘rsatib kelayotgan «Qirguli kommunal servis» MChJning, go‘yoki aholidan tushgan shikoyatlar tufayli, xizmat ko‘rsatish maydoni qisqartirildi. Yangilangan xizmat ko‘rsatish ro‘yxatiga ko‘ra, atigi 3ta maxsus texnika vositasiga ega «Maxsus Garant Avto servis» MChJ korxonasi 13ta MFY aholisiga, 1ta maxsus texnika mashinasiga ega «Farg‘ona Tozalik Sanitar servis» MChJ esa 7ta mahallaga xizmat ko‘rsatishi belgilab qo‘yildi. Eng qizig‘i shundaki, hech qanday maxsus texnika vositasiga ega bo‘lmagan «Yuksalish tozalov sanitar servis» MChJ va «Vodiy Logistik» MChJ korxonalari birgalikda 10ta MFYda yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatishi belgilandi. Masalaning ahamiyatli jihati shundaki, elektron billing va GPS tizimi bilan jihozlangan 8ta maxsus texnika vositasiga ega «Qirguli kommunal servis» MChJ ham 7ta MFY aholisiga xizmat ko‘rsatadi.

Tadbirkor bankdan olgan yirik miqdordagi kreditlarni so‘ndirish uchun ko‘zlangan loyiha amalga oshirilishi lozim, lekin Farg‘ona shahar hokimligi sun'iy to‘siqlar orqali uning faoliyatiga raxna solmoqda. Ushbu masala yuzasidan viloyat hokimi o‘rinbosari D.Xojiaxmedovning ta'kidlashicha, jamiyatning faoliyatini keskin qisqartirib yuborilgani uchun tadbirkor kreditni yopish imkoniyatiga ega emas.

Masalani turli rakursdan o‘rganishga harakat qilgan Kun.uz muxbiri «Qirguli kommunal servis» MChJ xizmat ko‘rsatayotgan bir nechta mahalla a'zolari bilan suhbatlashdi. Ma'lum qilinishicha, jamiyat xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan MFY hududlarida shu paytgacha maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishda sustkashlik qilinayotgani tufayli aholi qaytadan «Qirguli kommunal servis»ga murojaat qilgan. Ularning istagi bir: toza va obod mahallada yashash hamda atrofni pokiza saqlashdir. Ammo hokimlikka kimlar va qanday vajlar bilan shikoyat qilgani, aynan qaysi shikoyatlar asosida xizmat ko‘rsatish maydoni qisqartirilganini aniqlashning imkoni bo‘lmadi.

PS: Mahalladan xayol surib chiqar ekanman, bir kishining yo‘lning yuzasiga, maishiy chiqindilarni tashlash maydonidan uzoqqa qo‘lidagi xaltani irg‘itib ketganiga guvoh bo‘ldim. Agar hokimlik vakillari kamchilikni foto orqali isbotlamoqchi bo‘lsa, buning yo‘li oson ekaniga iqror bo‘ldim.

Ko‘proq yangiliklar: