O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi qanday ishlaydi?

O‘zbekiston 18:50 / 12.12.2017 16361

«Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi» taomili ishtirokchilarining reyestrini shakllantirish va yuritish tartibiga Qonun hujjatlari ta'sirchanligini baholash tizimi portalidagi navbatdagi loyihada ta'rif berilgan, deb yozmoqda Norma.uz.
 
Hujjat ikki mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasidagi «O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida tovarlar va transport vositalarining olib o‘tilishida bojxona operatsiyalarini amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibini tashkil etish to‘g‘risida (Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi)»gi bitimni (30.12.2016 yilda Moskva shahrida imzolangan) ijro etish yuzasidan ishlab chiqilgan.
 
Rossiyada bojxona operatsiyalarini o‘tkazishning soddalashtirilgan tartibini 2018 yildan boshlab ushbu mamlakatga TIF TN bo‘yicha 07, 08, 1202, 20 va 21 guruh tovarlarini eksport qiladigan O‘zbekiston rezidentlari -  yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
 
Ma'lumot uchun. 2012 yildagi TIF TN versiyasi bo‘yicha:

• 07-guruh – sabzavotlar va ba'zi ozuqabop ildizmevalar va ildizmevali o‘simliklar (kartoshka, karam, piyoz, sabzi va boshqalar);
• 08-guruh – ozuqabop meva va yong‘oqlar; sitrus mevalar po‘stlog‘i yoki qovun po‘stlog‘i;
• 20-guruh – sabzavotlar, mevalar va yong‘oqlar yoki o‘simliklarning boshqa qismlarini qayta ishlash mahsulotlari (jyemlar, marmeladlar, sharbatlar va boshqalar);
• 21-guruh – turli oziq-ovqat mahsulotlari (kofe, choy, xamirturush, gorchitsa va boshqalar);
• 1202-kod  – yeryong‘oq, qovurilmagan yoki qandaydir boshqa usul bilan tayyorlanmagan po‘chog‘i olingan yoki po‘chog‘i olinmagan, maydalangan yoki maydalanmagan.

 
«Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi» ishtirokchilari quyidagi afzalliklarga ega bo‘lishadi:
 
1. Agar bojxona qonunchiligini buzish xatari aniqlanmagan bo‘lsa, ular tomonidan davlat chegarasidan olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalariga nisbatan bojxona ko‘rigi amalga oshirilmaydi. Bojxona ko‘rigi zarur bo‘lgan taqdirda u imkon qadar qisqa muddatlarda amalga oshiriladi.
 
2. SBYda ishtirok etmaydigan va O‘zbekiston hamda RFda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradigan shaxslarga nisbatan(asosiy)  bojxona rasmiylashtiruvi joylarida ustunlik.
 
3. Bojxona taomillarini jadallashtirish.
 
Faqat olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida haqqoniy ma'lumotlarni taqdim etuvchi ishtirokchilar preferensiyalarga ega bo‘ladi, aynan:

• eksport qilinayotgan tovarlarning nomi va miqdori;
• TIF TN bo‘yicha tovarning 10 ta belgili kodi;
• eksport qilinayotgan tovarning faktura qiymati;
• jo‘natuvchi va oluvchining nomi;
• Inkoterms bo‘yicha yetkazib berish shartlari (eksport qilinayotgan tovar bo‘yicha majburiyatlarni taqsimlash);
• tovarga ilova qilinadigan hujjatlar (invoys, SMR, SMGS, tovar-transport yukxati), transport turi va uning ro‘yxatdan o‘tkazish raqami, tovarni eksportga jo‘natish sanasi to‘g‘risidagi ma'lumotlar.
 
Qanday qilib SBY ishtirokchisiga aylanish mumkin
 
Buning uchun xo‘jalik yurituvchi sub'yekt davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joyi bo‘yicha  hududiy bojxona boshqarmasiga SBY ishtirokchilari reyestriga kiritishni so‘rab belgilangan shakldagi ariza bilan murojaat etishi darkor. Bunda quyidagi talablarni kiritish taklif etilmoqda:

• eksport faoliyati davomiyligi – kamida 1 yil;
• eksport operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tkazib yuborilgan debitorlik qarziga ega bo‘lmasligi;
• eksport operatsiyalarini amalga oshirishda 1 yil mobaynida bojxona qonunchiligini buzmagan bo‘lishi;
• bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzi bo‘lmasligi;
• sudlar yoki boshqa vakolatli organlar tomonidan unga nisbatan hech qanday taqiq yoki xatlov bo‘lmasligi kerak.
 
SBY ishtirokchilari reyestri DBQning rasmiy saytida joylashtiriladi. Tegishli axborot Rossiya Federal bojxona xizmatiga yuboriladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.   

Ko‘proq yangiliklar: