«Real» «Sevilya»ga «o‘t qo‘ydi», «Barselona» «submarina»ni «cho‘ktirdi». La Ligada tur yakunlari

Sport 11:20 / 12.12.2017 15076

«Tribuna» Ispaniya chempionatining 15-turi uchrashuvlariga to‘xtalib o‘tadi.

Tenglik faqat qog‘ozda

Zinedin Zidan jamoasi Sevilyada javobsiz 5 gol urdi. «Santyago Bernabeu»da «Sevilya»ga qarshi o‘yin oldidan Krishtianu Ronaldu o‘zining beshinchi «Oltin to‘p»ini namoyish etdi. Hafta boshida Parijda mukofotni qabul qilib olgan Ronaldu endi bu borada Lionel Messi bilan tenglashib olgan. «Real» futbolchilari o‘z jamoadoshlarini tabriklab, kuchli raqibga qarshi o‘yinni yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunlashdi. 

«Sevilya» darvozasiga urilgan gollarning ikkitasiga Ronalduning o‘zi mualliflik qildi, shuningdek, Kroos, Nacho va Hakimi bittadan gol urishdi. Benzema esa birinchi golda Nachoni pas bilan ta'minlash bilan kifoyalandi. Uning o‘zi bosh bilan zarba bergan vaqtda esa to‘p darvoza to‘sinidan qaytdi. Bu g‘alabadan keyin «Real» turnir jadvalida 31 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda, birinchi o‘rindagi «Barselona» bilan oradagi farq 8 ochkoni tashkil etadi.

Lekin «Real» bu «manita»dan (bir jamoaga besh gol urish Ispaniyada shunday ataladi) keyin BAAdagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga xush kayfiyat bilan yo‘l olishini ta'minladi. Madridliklar oxirgi marta «Sevilya»ga 5ta golni 1993 yilda urishgandi, o‘shanda sevilyaliklar tarkibida Maradona va Simeone to‘p surardi.

Messi Myullerni quvib yetdi

«Vilyarreal» darvozasiga urilgan gollardan biriga muallif bo‘lgan Lionel Messi katalonlar klubi safida urilgan gollari sonini 525taga yetkazdi. Argentinalik hujumchi bu orqali o‘tgan asrda «Bavariya» safida shuncha gol urib, bir jamoa safida eng ko‘p gol urish bo‘yicha rekordchiga aylangan Gerd Myullerga tenglashib oldi.

Safar o‘yinida kataloniyaliklar avvaliga hech qanaqasiga «sariq submarinalar» mudofaasini buza olmayotgandi. Ammo o‘yinning 60-daqiqasida mezbonlar himoyachisi Daniyel Raba o‘yindan chetlatildi va sondagi ustunlikdan mehmonlar foydalanib qolishdi. Avvaliga Luis Suares, keyinroq Lionel Messi darvozani ishg‘ol qildi va jamoaga navbatdagi 3 ochko keltirildi. 

Valensiyadagi «o‘g‘irlik»

«Mestalya»da penaltidan urilgan gol tufayli yutqazgan (1:2) «Selta» futbolchilari o‘yindan keyin hakamdan norozi bo‘lishmoqda.

Mehmonlar jamoasi sardori Ugo Malo shunday dedi: «Bizni talashdi. Yaxshisi bu hakam (Munuera Montero) bizning o‘yinlarni boshqa boshqarmasin. U hamisha bizga yoqimsizlik keltiradi».

O‘yindagi yagona gol muallifi Yago Aspas ham o‘z fikrini bildirdi: «Keyingi safar biz uchinchi formamizni kiyib chiqamiz. Biz «Selta» ekanimizni bilishmagani yaxshi. Shunda bizga bunday penaltilar qo‘yishmaydi».

«Ko‘rshapalaklar» muxlislari esa Aspasga aprel oyidagi harakatlarini eslatib qo‘yishdi. O‘shanda Aspas simulyatsiya qilib penalti ishlagan va gol urgan, bu gol evaziga «keltlar» Valensiyadan 2:2 hisobidagi durang bilan qaytishgandi. Ularning fikricha, bu o‘rinda adolat qaror topdi.

«Atletiko» tarixga kirdi

«Betis» ustidan safarda qiyinchiliksiz g‘alabaga erishgan «Atletiko» ikki rekord o‘rnatdi. Madridliklarning mag‘lubiyatsiz seriyasi 19 o‘yinga yetdi (12 g‘alaba va 7 durang). Simeone jamoasi oxirgi marta aprelda «Vilyarreal»ga yutqazgandi (0:1). Shuningdek, safar uchrashuvlaridagi mag‘lubiyatsiz seriya davom etmoqda - 20 o‘yin (12 g‘alaba va 8 durang). Oxirgi marta «matraschilar» 2016 yilning 12 dekabrida safardagi o‘yinni boy berishgandi. O‘shanda ham «Vilyarreal»dan mag‘lub bo‘lingan (0:3).

Eng keksa «sher»

«Levante» - «Atletik» uchrashuvida (1:2) hisobni ochgan Arits Aduris «sherlar» jamoasi tarixida gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi. U bu paytgacha rekord sohibi Pir Gainsaga tegishli edi (36 yoshu 298 kun). Aduris penaltidan navbatdagi golini urganida undan 4 kunga katta edi. «Atletik» La Ligada keyingi ikki oydagi ilk g‘alabasiga erishdi (oxirgi g‘alaba 14 oktabr kuni «Sevilya»ga qarshi o‘yinda qayd etilgandi - 1:0). Safar uchrashuvlarida esa bilbaoliklar avgustdan buyon g‘alaba nimaligini bilmayotgandi, safar uchrashuvlaridagi oxirgi g‘alaba avgust oyida «Eybar»ga qarshi o‘yinda ro‘y bergandi (1:0).

La Ligada 15-tur o‘yinlari

15 turdan keyin turnir jadvalidagi vaziyat

Turnir to‘purarlari

Ko‘proq yangiliklar: