«PSJ» «Real»dan o‘ta oladimi? YeChL qur'asi natijalari tahlili

Sport 10:00 / 12.12.2017 21663

Kecha — 11 dekabr kuni Yevropa Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tgandi. Unga ko‘ra, chorak finali yo‘lida to‘qnashadigan 8ta juftlik nomi aniq bo‘ldi.

8ta bellashuv ikki hafta davomida o‘tkaziladi. Dastlabki uchrashuvlar 13-14 fevral va 20-21 fevral kunlariga, javob uchrashuvlari 6-7 mart va 13-14 mart kunlariga belgilangan.

ShAXTYoR - ROMA

Har ikki jamoa ham qur'a natijasidan rozi bo‘lishlari tabiiy, sababi, bundan kuchliroq raqiblar ro‘baru kelishi ham mumkin edi. Ushbu juftlik g‘olibi go‘yoki chorak finalda eng kuchsiz raqib bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinayotgan bo‘lsa-da, bu jamoalarni mag‘lub etish har qanday klubga oson bo‘lmaydi.

«Shaxtyor» guruhda A Seriya peshqadamlaridan biri «Napoli»ni ortda qoldirganini hisobga olsak, «Roma» bu jihatga jiddiy e'tibor qaratishi lozim. O‘z navbatida, rimliklar «Atletiko» va «Chelsi» kabi kuchli jamoalar qatnashgan guruhda peshqadam bo‘lgan.

Xullas, bu juftlik YeChL durdonasi emas, ammo teng va keskin kurash kerak bo‘lsa, bu o‘yinlardan topishingizga kafolat bor.

Fakt: Jamoalar 2010/11 mavsumidagi 1/8 finalda ham raqib bo‘lishgan. «Shaxtyor»ning Rimdagi (3:2) g‘alabasidan so‘ng, «Roma» bosh murabbiyi Klaudio Raneri iste'foga chiqqan.

BeShIKTOSh - BAVARIYa

Nemislar guruhda ikkinchi o‘rinni olib, pley-off oldidan o‘zlarini xavfga qo‘ygan bo‘lishsa-da, omad kelganini aytish mumkin. Aytish mumkinki, guruh g‘oliblari ichida eng oson jamoa sifatida aynan turklar ko‘rsatilayotgandi.

Ammo bu faqat dastlabki xulosa. Birinchidan, «Beshiktosh» guruh bosqichini bir maromda o‘tkazdi va ochko to‘plash bo‘yicha turk jamoalari uchun rekord ko‘rsatkich qayd etdi. Ikkinchidan, so‘nggi ikki mavsumda milliy chempionatda g‘olib chiqqan istanbulliklar ushbu mavsumda Turkiyada biroz beqaror, bu esa, ularga butun e'tiborni aynan YeChL o‘yinlariga qaratish imkonini beradi. Uchinchidan esa, turklarning Germaniyada deyarli mezbonlar kabi muxlislarning quvvatlashlariga ega bo‘lishlari sir emas.

Shuningdek, «Beshiktosh» guruh bosqichida aynan nemis jamoasini har ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchratganini ham e'tirof etish kerak.

Nima bo‘lgandayam, bu «Beshiktosh»ga yordam berishi mumkin bo‘lgan jihatlar xolos, aslida, albatta, o‘yinning yaqqol favoriti Haynkess shogirdlari hisoblanadi.  

Fakt: Ikki jamoa 1997 yil Chempionlar Ligasida bir guruhda to‘p surgan. Har ikki o‘yinda nemislar 2:0 hisobida g‘olib chiqishgan.

CheLSI - BARSeLONA

Bu jamoalar YeChL pley-offlarida olti marta ro‘baru kelishgan, musobaqada faqat «Real» va «Bavariya» bundan ko‘proq to‘qnashgan xolos. Ronaldinoning superzarbasidan keyin, Terrining hal qiluvchi goli, Del Ornoning qizil kartochkasi, Evrebening qiliqlari, Torresning so‘nggi daqiqadagi qochib ketishi - xullas futbolda qanday dramatizm belgilari bo‘lsa, bu to‘qnashuvdan topish mumkin.

Aynan bugungi jamoalarga qarasak, ularning qaysi biri ispanroq ekanini ham aytish mushkul - «Chelsi» tarkibida besh nafar ispaniyalik futbolchi to‘p suradi. Jumladan, ularning ikki nafari «Barselona» futbol maktabi tarbiyalanuvchilaridir.

Taktik jihatdan «Chelsi»ning Valverde jamoasiga eng noqulay raqiblardan biri deyish mumkin. «Chelsi»ni ingliz jamoalari ichida chiziqlar bo‘yicha eng muvozanatli jamoa, deb aytsak bo‘ladi. Agar Kontening rejalari ish bersa, londonliklar to‘sig‘ini yorib o‘tish bugungi «Barselona»ga oson bo‘lmaydi. Buning uchun, masalan, Leo Messining vaziyatni o‘z qo‘liga olishi va individual harakatlari kerak bo‘ladi. Shunchaki, kuchli jamoaviy o‘yin yordamida bugungi «Chelsi»ni taslim etish u qadar oson emas.  

Fakt: Leo Messi «Chelsi»ga qarshi 8 o‘yinda maydonga tushgan va biror marta ham gol ura olmagan. Uning londonliklar darvozasiga bergan 29 zarbasi besamar ketgan. Jumladan, 2012 yil yarim finalidagi penalti ham.

PORTU - LIVeRPUL

Bu jamoalar 10 yil oldin Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichida to‘qnash kelgandi. Portugaliyada durang natija qayd etilgan bo‘lsa, Liverpulda mezbonlar yirik 4:1 hisobida ustun kelgan. O‘sha mavsumda «Liverpul» finalgacha yetib borgandi.

O‘z guruhlarida peshqadamlikni qo‘lga kiritgan ingliz jamoalariga omad kulib boqqanini aytish mumkin. «Portu» doimiy ravishda ingliz jamoalariga qiyinchilik tug‘dirib kelgan, ammo agar «Liverpul» o‘zining eng yaxshi sport formasini saqlab qolsa, bu juftlikda yaqqol favorit ekanini aytish kerak. Albatta, buning uchun Yurgen Klopp yanvarda jamoa himoya chizig‘ini kuchaytirishi kerak bo‘ladi.

Fakt: «Portu» va «Liverpul» 2004 va 2005 yillarda Yevropa Chempionlar Ligasi g‘oliblari.

SeVILYa - MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘tgan mavsumda Mourino shogirdlari «Sevilya»ning qadrdon turniri bo‘lgan Yevropa Ligasini yutib oldi. Bu safar esa, ulardan «Sevilya»ni YeChLdan chiqarib yuborish talab etiladi.

Bir qaraganda, manchesterliklarga omad kulib boqqandek ko‘rinsa-da, aslini olganda, ispan jamoalari «Manchester Yunayted» uchun u qadar qulay raqib emas. «MYu» ispan jamoalariga qarshi kechgan so‘nggi 10 o‘yindan atigi ikkitasini g‘alaba bilan yakunlagan xolos. To‘pni yaxshi nazorat qila oladigan va kurashuvchan «Sevilya» Mourinoni himoyalanishga majbur qilishi mumkin. Yevropa Ligasi yarim finalida «Selta»ning «Old Trafford»da g‘alaba qozonib ketishiga juda oz qolganini ham hali hech kim esdan chiqarmagan bo‘lsa kerak.

Eng asosiysi «Sevilya» bu o‘yinlarda katta bosimsiz harakat qiladi, aksincha, ichki chempionatda «qo‘shnilari»ni ancha oldinga o‘tkazib yuborgan «Yunayted»ning yutqazishga haqi yo‘q. Shu tomondan «MYu»ga bemalol himoyalanish va balki, yutqazish ham u qadar og‘riqli qabul qilinmaydigan biror top-jamoaning tushishi yaxshiroqmidi, balkim...

Fakt: O‘tgan YeChL pley-offida ham «Sevilya»ga ingliz jamoasi raqib bo‘lgandi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, «Lester»ning qo‘li baland kelgan.

YuVeNTUS - TOTTeNHEM

Nimchorakning yana bir qiziqarli juftliklaridan biri. Turin jamoasi aynan ushbu musobaqa uchun tajribaliroq ko‘rinsa-da, «Tottenhem»ning ayniqsa, «Real»ga qarshi o‘yinlari o‘zlariga nisbatan fikrlarni o‘zgartira oldi. Inglizlar har qanday raqibga qarshi hujumkor va pozitsion o‘ynay olishlarini isbotlashdi.

Faqat bir jihat inglizlarga xalaqit berishi mumkinki, bu haqida anchadan beri, murabbiylar, mutaxassislar gapirib kelmoqdalar. Fevral oyi Angliya Premer Ligasi jamoalari uchun juda noqulay davrdir. Sababi, ular dekabr-yanvar oylarida dam olishmaydi va hatto haftasiga ikki o‘yinli rejimda chempionat va kubok o‘yinlarida maydonga tushishadi. Bu esa, «Tottenhem»ning jismoniy jihatdan raqibiga imkoniyatni boy berishiga olib kelishi mumkin.

Buning ustiga, londonliklar hozirda APLda oltinchi o‘rinda bormoqda va u yerda ham o‘zlarini bemalol his qila olmaydi. Ya'ni, ba'zi chempionat o‘yinlaridagi rotatsiyalar yordamida «Yuventus»ga qarshi o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik imkoniyati deyarli yo‘q.

Fakt: «Yuventus» ingliz jamoasiga qarshi o‘tkazgan so‘nggi 5 pley off to‘qnashuvida imkoniyatni boy bergan. 

BAZeL - MANCheSTeR SITI

1/8 finaldagi juftliklar ichida eng katta farqqa ega bo‘lgan jamoalar. «Bazel»ning ingliz jamoalariga qarshi o‘yinlarini har qancha maqtamaylik, bu o‘yinlar asosan guruh bosqichida yoki Yevropa Ligasida bo‘lganini ham unutmaslik kerak. «Manchester Siti» o‘tgan mavsumdagi «Monako»ni juda yaxshi eslaydi va bu safar raqib kim bo‘lishidan qat'i nazar bu o‘yinlarga juda jiddiy yondashishini taxmin qilish mumkin.

Fakt: «Bazel» yevrokuboklarda ingliz jamoalariga qarshi kechgan 14 uchrashuvning faqat 4tasida mag‘lubiyatga uchragan xolos. 5 marotaba g‘alaba qozongan.

ReAL - PSJ

«Barselona» va «Chelsi» muxlislari xafa bo‘lmasin-u, o‘yin afishasi, maydonga tushadigan qarama-qarshiliklar, so‘nggi yillardagi ambitsiyalar nuqtai nazaridan nimchorak finalning eng jarangdor qarama-qarshiligi aynan mana shu o‘yin bo‘lsa kerak.

«PSJ» xuddi asr boshidagi «Real» kabi, Yevropa transfer bozorida juda agressiv harakat qilmoqda va yildan yilga eng yaxshi futbolchilarni yig‘ib olishga urinmoqda. Ammo tan olish kerak, ularga qur'a omadli kelmadi. Ispaniya chempionatida «Barselona»ni ancha oldinga o‘tkazib yuborgan «Real» baribir alohida o‘yinlarda juda kuchli jamoa sifatida qolaveradi. Parijliklar hujumdagi yulduzlar bilan maqtanishlari mumkin, ammo Chempionlar Ligasidagi tajriba, yulduzli yarim himoya va ishonchli himoya yordamida «Real» bu o‘yinlarga favorit sifatida maydonga tushadi.

«Real» ikki marta qatorasiga YeChL g‘olibi bo‘ldi. Kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlarda bu fakt madridliklarning zarariga ishlashi, futbolchilarning uchinchi urinish uchun jipslashishlariga xalaqit berishi mumkindek. Ammo ularni mag‘lub etish uchun aynan mana shu jihat - jipslashish juda zarur. «Real»ni faqat o‘sha «Real»da topilmay qolishi mumkin bo‘lgan sifat bilan yengish mumkin xolos. Xo‘sh, Parij jamoasi aynan o‘sha bosqichga yetib keldimi?

Jamoa tarkibidagi o‘zgarishlar, Neymar-Kavani muammolari biroz unutilgan bo‘lsa-da, butunlay hal etilmadi. Bugungi «PSJ» «Real» uchun tayyor emasdek ko‘rinmoqda, Unai Emeri keyingi ikki oyda faqat shu jihat haqida bosh qotirishi va eng avvalo, ichki muhitni yuqori darajaga ko‘tarishi kerak bo‘ladi. Ana shundagina, futbol yulduzlari maydonda faqat shou emas, aniq natija ko‘rsata oladilar.

Fakt: «PSJ» yarim himoyachisi Anxel Di Mariya «Real» tarkibida 2014 yilgi YeChL finalining eng yaxshi futbolchisi deb e'tirof etilgan.

 

Q.Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: