Xitoy kompaniyasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga 500 million dollarlik sarmoya kiritadi

O‘zbekiston 11:50 / 12.12.2017 16306

Xitoyning eng yirik kompaniyalaridan biri O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga yarim milliard dollarlik investitsiya kiritish bo‘yicha bitim imzoladi. 

5–12 dekabr kunlari Xitoyning Xenan provinsiyasidagi Wanbang kompaniyasining rahbariyati O‘zbekistonning XXRdagi elchisi Baxtiyor Saidovning tavsiyasi bilan mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Wanbang kompaniyasi Jyengjou shahrida 40 000 kv.m maydonga joylashgan, ulgurji savdoga mo‘ljallangan eng yirik oziq-ovqat logistika markazini barpo etgan. Ushbu logistika markazida 6500 korxona faoliyat yuritadi. Markazda 150 mingdan ortiq kishi turli mahsulotlar bilan savdo qilib, ular uchun turli qulayliklar hamda logistika markazi yonida ko‘p qavatli apartamentlar barpo etilgan. Kompaniya 50dan ortiq mamlakat bilan hamkorlik qilib keladi.

Xitoy oziq-ovqat bozorining 37 foizini egallagan ushbu kompaniya vakillari Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida bo‘lib, O‘zbekiston bilan hamkorlik rishtalarini rivojlantirishga katta qiziqish bildirdi. O‘zbekiston va XXR hamkorligining kordinator vakili «Oziq-ovqat xolding»ning Xitoy yunalishi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dilshod Mullabayevning taklifi va kompaniya rahbariyatining xayrixohligi bilan qishloq xo‘jaligi, jumladan, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish, ko‘paytirish, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha hamda tayyor mahsulotlarni eksport, import va reeksport qilish kabi yo‘nalishlarda 15dan ortiq loyihani amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga imzo chekildi.

Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 500 million dollarlik investitsiyalar jalb qilinadi. Ushbu kelishuv Henan Wanbang Selected Supply Chain Management Co.Ltd, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va «Oziq-ovqat xolding» o‘rtasida imzolandi.

Imzolangan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonning erkin iqtisodiy zonalarida 10 000 gektarlik xududga logistika markazlari, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash obektlarini barpo etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, O‘zbekistonda yetishtirilgan 100 ming tonna moshni Xitoyga eksport qilish rejasi ham bor. Muzokaralarda O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Otabek Mustafoyev, «Oziq-ovqat xolding» raisi Tohirjon Jalilov, O‘zbekiston va XXR hamkorligidagi kordinator vakili, xoldingning Xitoy yo‘nalishi bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Dilshod Mullabayev va Xitoyning Henan Wanbang Selected Supply Chain Management Co.Ltd kompaniyasining bosh menejyeri Chen Guanxun ishtirok etishdi.

Ko‘proq yangiliklar: