Andijonda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tezkor shtab ish boshladi

Jamiyat 18:20 / 12.12.2017 5853

Joriy yilning noyabr oyida Andijon viloyatida sodir bo‘lgan yong‘inlar ham hushyorlikni har qachongidan oshirish zaruriyatini taqozo etmoqda. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan oyda jami 63 ta yong‘in sodir bo‘ldi. Shundan 21 tasi elektr simining qisqa tutashuvi, 15 tasi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 10 tasi mo‘rikonlarning nosozligi, 9 tasi isitish pechining nazoratsiz qoldirilishi, 4 tasi yosh bolalarning gugurt o‘ynashi, 4 tasi chaqnash va boshqa sabablar tufayli kelib chiqqan. Bu haqda Andijon viloyati YoXB katta muhandisi Ulug‘bek Qosimov KUN.UZ’ga xabar bermoqda.  

Qish mavsumida gaz, elektr isitish pechlari va boshqa vositalardan foydalanishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik yoki uni ta'minlashga beparvo bo‘lish yong‘in hamda kutilmagan ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Buning oqibatida fuqarolarimiz katta miqdorda moddiy, ma'naviy zarar ko‘rishlari, o‘zlarining va yaqinlarining sog‘liklariga putur yetishiga sababchi bo‘lishlari mumkin.

Yong‘in o‘chirish ekipaji tomonidan o‘t ketgan obekt va xonadonlardagi jami 6 ming metr kvadratdan ortiq maydonlar yong‘in balosidan saqlab qolindi.

Noyabr oyida kunlar nisbatan iliq bo‘lganligi kuzatilgan bo‘lsa, dekabr oyining boshlanishi bilan havo harorati keskin pasaydi. Bu esa, fuqarolarning isitish vositalariga bo‘lgan ehtiyojini yanada oshishiga olib keladi. Bunday hollarda hushyorlikni yanada oshirish, turli xil nosoz isitish vositalarini ishlatishdan tiyilgan ma'qul.

Foto: Andijon viloyati YoXB

Ayni kunlarda viloyat IIB, Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi qoshida viloyat hokimining 2017 yil 6 dekabr kungi qaroriga asosan kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha Tezkor shtab ish faoliyatini boshladi. Maqsad kuz-qish mavsumida elektr, gaz, issiqlik energiyasi, suv ta'minoti bo‘yicha avariya holatlarining oldini olish va bartaraf etishdan iborat.

Shtabda Andijon viloyati IIB YoXB, “Andijon gaz” hududiy gaz ta'minoti filiali, “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati, “Suvoqava” korxonasining vakillari tunu-kun navbatchilik qilishmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: