Peterburgda terakt sodir etishni rejalashtirgan Tojikiston fuqarosi ushlandi

Jahon 12:02 / 11.12.2017 10571

Peterburg shahrining Moskva tumani sudi Tojikiston fuqarosi Umar Maxmadiyevni hibsga olish haqida qaror chiqardi, u terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etishga suiqasd qilishda gumonlanmoqda. Bu haqda Sankt-Peterburg shahar sudi matbuot kotibi Darya Lebedeva xabar berdi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining mintaqaviy boshqarmasi matbuot xizmati vakili so‘zlariga ko‘ra, hibsga olingan shaxs IShID guruhi safiga qo‘shilishni yoki Sankt-Peterburgda terakt amalga oshirishni rejalashtirib kelgan, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

"Moskva tumani sudi Tojikiston fuqarosi Umar Maxmadiyevga nisbatan qamoqqa olish ko‘rinishida ehtiyot chorasi haqida qaror qabul qildi, u “Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq terrorchi deb tan olingan tashkilot faroliyatida ishtirok etishga suiqasd qilish” moddasi bilan ko‘zda tutilgan jinoyatni amalga oshirishda gumonlanmoqda. Maxmadiyev 2018 yilning 7 fevral kuniga qadar hibsda bo‘ladi", - deya aytib o‘tdi Lebedeva.

Tojikiston Respublikasining fuqarosi Umar Maxmadiyev 1989 yilda tug‘ilgan bo‘lib, Leningrad viloyatining Vsevolojsk shahrida yashab kelgan. U Rossiya Federatsiyasi davlat chegarasini kesib o‘tishga urinish chog‘ida qo‘lga olindi, deya xabar bergan huquqni muhofaza qilish organlaridagi manba.

Manbaning so‘zlariga qaraganda, Maxmadiyev IShID xalqaro terrorchilik tashkilotining faol tarafdori bo‘lgan. Qo‘lga olingan shaxs Turkiya Respublikasi hududi orqali Afg‘onistonga kirib olish va IShID safiga qo‘shilishni, so‘ng ushbu tashkilot tomonidan olib boriluvchi terrorchilik faoliyatida ishtirok etishni mo‘ljallagan.

Ta'kidlanishicha, agarda u o‘z rejalarini bajara olmagan taqdirda, Sankt-Peterburg hududida IShID nomidan terrorchilik xuruji sodir etishni rejalashtirib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: