Chempionlik poygasi dekabrda tugadi. APLda tur yakunlari

Sport 15:33 / 11.12.2017 9769

«Tribuna» Angliya chempionatining 16-turi yakunlarini tahlil qiladi.

MANCheSTeR DeRBISI

O‘tgan yilning sentabrida «Manchester Yunayted» «Old Trafford»da «shaharlik»larga 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi. O‘sha o‘yindan keyin jamoa o‘z maydonida 40 o‘yin o‘tkazdi va biror marta ham mag‘lubiyatga uchramasdan, ajoyib seriya qayd etdi. Mana shu qirq o‘yinda hech qaysi jamoa «Manchester Yunayted» darvozasini ikki bor nishonga olishning uddasidan chiqa olmagandi. Bunga yana Mourino o‘z murabbiylik faoliyatida biror marta ham yakshanba kunga belgilangan uy uchrashuvida mag‘lubiyatga uchramaganini, «MYu» bu mavsumda o‘z maydonida yuz foizlik natija qayd etib turgan yagona jamoa bo‘lganini ham e'tiborga olsak, «Manchester Siti» bir zarba bilan mezbonlarning bir qancha seriyalariga barham bera olishganini aytishimiz mumkin.

Juda katta ahamiyat kasb etgan o‘yinda har uch gol ham himoyachilarning qo‘pol xatolaridan so‘ng kiritilgani biroz g‘alati. O‘yindan oldin Gvardiola raqib futbolchilarining jismoniy ko‘rsatkichlariga e'tibor qaratgan va standart vaziyatlarda mezbonlarning ustunligini taxmin qilgandi.

Aksincha, «Siti» har ikki golni ham standart vaziyatdan so‘ng kiritdi. Har ikki vaziyatda ham himoyachilarga yordamga kelgan Romelu Lukaku to‘pni qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydi va avvaliga, Silva, keyin esa, Otamendi yaqin masofadan darvozani ishg‘ol qilishdi.

Shu o‘rinda, «Manchester Siti» o‘tgan turda ham «Vest Hem» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonganliklari va o‘sha o‘yinda ham gollarni aynan Otamendi va Silva kiritganini e'tirof etish kerak.

Mezbonlarning yagona goli ham himoyachilar xatosi mahsulidir. Fabian Delf jarima maydoniga yuqorilatib oshirilgan to‘pni darvozabonga beraman deb, to‘pga ko‘ngildagidek egalik qila olmadi va vaziyatni poylab turgan Markus Reshfordni Ederson qarshisida yolg‘iz qoldirdi.

Gollardan tashqari, o‘yin davomida Lukaku, Reshford, Bernardu Silva va Leroy Sane juda qulay imkoniyatlarga ega bo‘lishdi, bu vaziyatlarda darvozabonlarning qo‘li baland keldi.

Shuningdek, Gabriyel Jyezus va Ander Erreraning o‘xshash vaziyatda jarima maydonida yiqilib tushishlari hakam tomonidan bee'tibor qoldirildi.

Endi «Manchester Siti» yaqin ta'qibchisidan 11 ochkolik farq bilan oldinga chiqib oldi – bu farq turdan-turga oshayotganini e'tiborga olsak, Pep Gvardiola shogirdlari chempionlikni faqat o‘z ayblari bilangina boy berib qo‘yishlari mumkin xolos.

 

LONDON KURAShDAN ChIQDIMI?

Manchester jamoalarining o‘zaro o‘yinidan, ularni ta'qib qilayotgan London jamoalari foydalana olmadi.

«Vest Hem» mehmoni bo‘lgan Antonio Konte shogirdlari 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi va «Manchester Yunayted»ga ochkolar bo‘yicha yetib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqarishdi. «Arsenal» esa faqat so‘nggi daqiqalarda Jiruning goli evazigagina mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.

Natijada, endilikda «Chelsi» turnir peshqadamidan 14 ochko ortda bormoqda. «Arsenal» va «Tottenhem»ning esa, «Manchester Siti» bilan orasidagi farqi mos ravishda 17 va 18 ochkoni tashkil qilmoqda.

Bu holatda bemalol «Arsenal», «Tottenhem» va «Chelsi»ning ko‘proq kuchli to‘rtlik haqida o‘ylay boshlashini taxmin qilish mumkin. 

 

«LIVeRPUL»NING (ANTI) ReKORDI

«Liverpul» «Everton»ga qarshi kechgan «Enfild»dagi navbatdagi derbida Premer-liganing o‘ziga xos rekordini qayd etdi. Klopp jamoasi o‘yin davomida 79 foiz vaqtda to‘pni o‘z nazoratida ushlab turdi. Bu bir jamoaning bir o‘yindagi eng katta ko‘rsatkichidir.

Bu holatning antirekordligi shundaki, «Liverpul» mana shunday o‘yinda g‘alaba qozona olmadi. Ya'ni, birato‘la, eng katta ustunlik bilan g‘alaba qozona olmagan jamoa sifatida ham tarixga kirib qoldi.

«Liverpul» o‘yin davomida 23 marta raqib darvozasi tomon zarba berdi, 12 bor burchak to‘pi tepdi, 732 marotaba to‘p oshirishni amalga oshirdi ammo, darvozaga atigi 2 zarba bergan, 1 marta burchak to‘pi tepib, uch yarim barobar kam to‘p oshirishlarni amalga oshirgan «Everton» bilan 1:1 hisobini qayd etdi.

O‘yinning 77-daqiqasida mezbonlar himoyachi Deyan Lovren umuman keraksiz vaziyatda raqibga penalti ishlash imkoniyatini yaratdi va Ueyn Runi «mersisayd» derbisidagi ilk golini kiritib, hisobni tenglashtirdi. 

 

KLOPPNING TUShUNARSIZ QARORI

Liverpul derbisi oldidan, mezbonlar murabbiyi Yurgen Kloppning ushbu o‘yinga tanlagan tarkibi barchani hayron qoldirdi. Jamoa yetakchisi, «Spartak» darvozasida het-trik qayd etib, ajoyib sport formasini namoyish qilgan Filippe Koutino, hamda to‘purar hujumchilardan biri Roberto Firmino zaxirada qoldirilgan, hujumga esa, hali jamoa tarkibida birorta ham gol ura olmagan, 19 yoshli Solanke qo‘yilgandi.

Zaxirada qolgan hujumchilarda jarohatlar yo‘q edi, uch kun o‘tib yana «Enfild»da bo‘lib o‘tadigan «Vest Bromvich»ga qarshi o‘yinning derbidan ko‘ra ahamiyatliroq jihati ham yo‘q edi.

Klopp bu rotatsiyani o‘ziga xos tarzda izohladi: «Solanke ingliz futbolchisi, men uning derbi ahamiyatini boshqalardan yaxshiroq tushunadi, degan maqsadda tanladim».

Ammo bu derbining ahamiyatini Kloppning o‘zi yaxshi his qilmagan ko‘rinadi, axir tarkibda o‘zgartirishlarni amalga oshirish, yosh futbolchilarga imkon berish uchun boshqa o‘yinlardan foydalansa ham bo‘lardi.

 

JIRU – «ZAXIRADAGI QIROL»

«Sauthempton»ga qarshi deyarli butun o‘yin davomida hisobda orqada borgan Arsen Venger jamoasi zaxiradan maydonga chiqqan Olive Jiruning boshi bilan urgan goli hisobiga bir ochkoni qo‘lga kiritdi.

Fransiyalik hujumchining bu goli uning zaxiradan maydonga tushib kiritgan 17-goli bo‘ldi va bu borada APL rekordchisi Ole Gunnar Sulsherga yetib oldi. Norvegiyalik hujumchi, esingizda bo‘lsa, «Manchester Yunayted»ning zaxira «quroli» bo‘lgan va juda ko‘p o‘yinlarda ikkinchi bo‘limda tushib, muhim gollar muallifiga aylangandi.

Arsen Vengerning Jiruga nisbatan fikri o‘zgarmayotgani va katta ehtimol bilan keyingi o‘yinlarda ham Jiruning zaxirada qolishi mumkinligini e'tiborga olsak, 31 yoshli hujumchi ushbu mavsumdayoq yagona rekordchi bo‘lib olishi mumkin.

 

TUR IQTIBOSI:

«Odamlar bunday futbol uslubi bilan faqat Ispaniyada o‘ynash mumkin, deb hisoblashardi. Ammo biz Angliyada ham bunday o‘ynash mumkinligini isbotladik» -  PeP GVARDIOLA

RAQAMLAR

  • «Arsenal» 18 yildan beri «Sauthempton» ustidan safarda ketma-ket ikki marta g‘alaba qozona olmayapti.
  • «Manchester Siti» 16 o‘yindan so‘ng 46 ochko to‘pladi, bu ochko bilan o‘tgan mavsum yakuniga ko‘ra bemalol kuchli sakkizlikdan joy olish mumkin edi.
  • «Kristal Pelas» hujumchisi Kristian Benteke ushbu mavsuda raqib darvozasiga 24 marotaba zarba yo‘lladi, ammo birorta ham gol ura olmadi.
  • Harri Keyn APL dagi o‘zining 90-golini 131-o‘yinida urishga muvaffaq bo‘ldi. Faqat Alan Shirer (113 o‘yin) yaxshiroq samaradorlik ko‘rsata olgan xolos.
  • «Stok Siti» himoyachisi Rayan Shoukross o‘zining 6-avtogolini urdi. Faqat Richard Dann (10), Jyeymi Karrager (7) va Martin Shkrtelda (7) ko‘proq avtogol bor.
  • «Tottenhem» qatorasiga 4 o‘yinda «Stok Siti» ustidan 4 to‘p farqi bilan ustun keldi. Bu o‘yinlarda Harri Keyn 8 gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
  • David Moyyes murabbiy sifatida joriy chempionga qarshi o‘z maydonida o‘tkazgan so‘nggi 6 o‘yinning 5tasida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan.
  • «Vest Hem»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limini boy bergan «Chelsi» yakunda mag‘lubiyatga uchradi. Antonio Konte boshchiligida londonliklar faqat bir marta birinchi bo‘limi boy berilgan o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashgan, xolos. Bu o‘tgan yili «Manchester Siti»ga qarshi safarda kechgan o‘yinda bo‘lgandi.

16-tur o‘yinlari

Turnir jadvali

Mavsum to‘purarlari

Ko‘proq yangiliklar: