“Bunyodkor” o‘smirlar futbol akademiyasi murabbiyining o‘limiga oydinlik kiritildi

Jamiyat 10:40 / 10.12.2017 64271

Toshkent shahar prokuraturasi KUN.UZ so‘rovi bo‘yicha ikkita dahshatli jinoyatlar tafsilotlariga to‘xtaldi. 9 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida prokuratura rasmiy vakili Bobir Dehqonov “Bunyodkor” futbol akademiyasida murabbiy bo‘lib ishlagan A. R.ning o‘z joniga qasd qilishi hamda vafot etishi bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qildi. 

Foto: Bobir Dehqonov/Kun.uz

“2017 yil 12 noyabr kuni soat 11 larda Sergeli tuman Sergeli 4-mavze, 143-uyning yotoqxonasida joylashgan yuvinish xonasidan A. R.ning murdasi tan jarohatlari bilan topilgan. Sud-tibbiy ekspertizasining 12 noyabrdagi xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga bo‘yin sohasining kesilgan yarasi, o‘ng uyqu arteriyasi, venasining qalqonsimon tog‘ayining kesilishi, tashqi qon ketishi sabab bo‘lgan. 

Mazkur holat bo‘yicha Sergeli tuman prokuraturasi 12-noyabr kuni O‘zR JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik mazkur ish o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha shahar prokuraturasi bo‘limiga berilgan. Jinoiy ish bo‘yicha malakali tergovni olib borish uchun tajribali tergovchilar guruhi tashkil etilib, ular tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

Toshkent shahar prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tergov ishlarini olib bormoqda. Marhumning o‘limi yuzasidan 2017 yil 13 noyabrda qo‘shimcha sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shu kuni voqea joyidan 112 ta barmoq izi, bir dona oshxona pichog‘i, qon qoldig‘i va 2 dona soch tolasi ashyoviy dalillar sifatida olingan bo‘lib, ushbular bo‘yicha sud-biologiya ekspertizasi tayinlangan.  

Jinoiy ish bo‘yicha marhumning yaqin qarindoshlari, yonqo‘shnilari, oila a'zolari, “Bunyodkor” futbol akademiyasida birga ishlagan hamkasblari holat yuzasidan guvoh sifatida so‘roq qilingan. Marhum foydalanib kelgan telefon olinib, uning so‘nggi bor kimlar bilan muloqotda bo‘lgani, SMS xabarlar almashgani bo‘yicha ro‘yxat olinib, jinoiy ishga tikilgan va bu borada ham tekshiruv ishlari olib borilyapti. 

Bundan tashqari, marhum istiqomat qilayotgan uyning yonqo‘shnisida ko‘cha tomonga o‘rnatilgan kuzatuv kamerasi bo‘lgan. Ushbu moslama xotirasiga yozilgan videolavhalar olinib, tekshirilmoqda. Ammo, unda marhumning uyiga, yontomondagi qurilishi tugallanmagan 140-uyga 11 noyabr soat 19 dan 12 noyabr ertalab 9 gacha begona odamlar kirib-chiqqani aniqlanmagan. Shu bilan birga, olingan pichoqda marhumning barmoq izlari borligi, pichoq A.R.ning xonadonidagi xorijdan keltirilgan pichoqlar to‘plamiga tegishli ekani aniqlangan. Ayni vaqtda tergov ishlari davom etmoqda. Biroq uning o‘z joniga nima uchun qasd qilgani jumboqligicha qolayapti”, -deya bayon qildi Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili Bobir Dehqonov. 

Ko‘proq yangiliklar: