«Bu barcha uchrashuvlar kabi oddiy o‘yin». Joze Mourinoning derbi oldidan bergan katta intervyusi

Sport 15:20 / 10.12.2017 9617

«Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Joze Mourino Manchester derbisi oldidan Sky Sports nashriga intervyu berdi. Mourino bo‘lajak o‘yin atrofidagi barcha savollarga javob qaytardi.

— Joze, 175-marta bo‘lib o‘tadigan Manchester derbisi arafasida turibmiz. Barcha bu uchrashuvni orziqib kutmoqda. Futbolchilarga bu haqida aytib kimlar o‘ynashi mumkinligini ham e'lon qildingizmi?
— Yo‘q.

— Qachon bu ishni amalga oshirmoqchisiz?
— Yakshanba tongida. Biz prinsiplarga amal qilgan holda ish olib boramiz. Biz reja bo‘yicha ishlaymiz. Ammo har bir futbolchi o‘yinga tayyor bo‘lishi kerak. Sababi shundoq ham bizda yo‘qotishlar yetarlicha. Shunday ekan, o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmasligimiz kerak bo‘ladi. Xuddi shu borada ish olib bormoqdamiz.

— Bu katta o‘yin. Derbiga xuddi boshqa o‘yinlar kabi yondashiladimi, yoki bu alohida yondashuv talab qiladigan o‘yinmi?
— Yo‘q, xuddi oldin bo‘lgani kabi tayyorgarlik ko‘riladi. Birinchi navbatda raqibni o‘rganamiz. Raqibning kuchli va kuchsiz jihatlarini ajratib olishga harakat qilamiz. O‘z o‘yin uslubimiz amaliy jihatdan belgilab olamiz va uning ustida maydonda ishlaymiz. Ammo eng muhimi rejani maydonda yuzaga chiqarish. Futbolda nima bo‘lishini oldindan bilib bo‘lmaydi. Ba'zida sen reja bo‘yicha qaysidir yo‘ldan borishni o‘ylaysan, ammo futboldagi kutilmagan holatlar rejalaringni buzib yuboradi va endi butunlay boshqacha o‘yin, boshqacha holat yuzaga keladi. Bunday vaziyatlarga tayyor bo‘lishing uchun sen sinovlarda chiniqqan bo‘lishing lozim.

— Katta o‘yinlardan oldin qanday uxlaysiz?
— Juda yaxshi. O‘yindan keyin uxlay olmayman, ammo undan oldin yaxshi dam olaman. 90 daqiqadan keyingi adrenalin, hissiyotlar sodir bo‘lgan holatlarni miyangda tahlil qilish — qaysi to‘g‘ri bo‘ldiyu, qaysi biri o‘xshamay qoldi, qaysi joyda yaxshiroq raqiblik qilishimiz mumkin edi va hokazo. Bu o‘ylar uxlashga imkon bermaydi. Navbatdagi o‘yingacha sizda ikki-uch kun dam olish uchun vaqt bo‘lishi mumkin, ammo navbatdagi o‘yin haqida o‘ylashim kerak va bunday vaziyatda odatda yaxshi uxlay olmayman. Ammo o‘yindan bir kun oldin bundan mustasno. Men xuddi farishtalardek uyquga ketaman!

— Jamoada beriladigan topshiriqlar qanaqa bo‘ladi? Yoki bu alohida o‘yinlarga bog‘liqmi?
— Yo‘q, hammasida bir xil. Biz har xil o‘yinlar o‘tkazamiz, lekin ko‘rsatmalar o‘sha-o‘sha bo‘ladi. Aksincha holda futbolchilar uchun yaxshi holat deb hisoblamayman. Chunki ba'zida ular o‘yinga bo‘lgan e'tiborni pasaytirib yuborishi va konsentratsiya yo‘qolib yutqazib qo‘yishimiz mumkin. Bir kunda 30 daqiqalik suhbatdan ko‘ra, uch kunda 10 daqiqadan iborat uchrashuvlar tashkil qilishni ma'qul ko‘raman. Biz bu jarayonni bir necha kunlarga bo‘lib tashlaymiz va buni muntazam ravishda tashkil qilishga urinamiz.

Raqib o‘yinini tahlil qilamiz, o‘yin rejasini tushuntiramiz va qanday o‘ynash lozimligini uqtiramiz. O‘yin bu o‘yin. Agar siz bir o‘yinga alohida tayyorgarlik ko‘rsangizda, ikki kun o‘tib boshqa o‘yinga bu ko‘rsatmalarni bermasdan butunlay boshqa ko‘rsatmaga o‘tib ketsangiz, unda futbolchilar nima qiladi? Shunday ekan, agar siz futbolchilaringiz doimiy ravishda mas'uliyatni his qolgan holda qolishini istasangiz, har bir raqibni hurmat qilishingiz va har bir vaziyatni o‘ta muhim deya ko‘ra olishingiz kerak. Siz bu ishni muntazam bajarib borishingiz shart.

— Jamoa haqida aniqroq bir sirni ochishingiz kutmayapman, ammo agar Eshli Yang maydonga tushsa jarima zarbalarini u amalga oshiradimi?
— Eshli Yang maydonga tushishga tayyor. Maydonda Pol Pogba bo‘lmasligini hisobga olsak, uning jarima zarbalarini amalga oshirish uchun imkoniyati yuqori.

— U bu borada «Uotford»ga qarshi o‘yinda (ikkita gol urdi) ko‘pchilikni hayron qoldirdi. Shunday emasmi?
— Eshlining o‘yin sifati meni hayron qoldirgani yo‘q. Sababi u mashg‘ulotlarda qo‘shimcha individual shug‘ullanadiganlardan biri sanaladi va bu borada u muvaffaqiyatga erishmoqda. O‘yindagi uning harakatlari hayron qoldirgani yo‘q. Uning va Pogbaning maydondagi harakatini «issiq nuqtalar»da hisoblab ko‘rsangiz, bu imkoniyatni unga Pol yaratib berganini ko‘rasiz.

— Bu yutilishi shart bo‘lgan o‘yinmi?
— Bu o‘yin hamma o‘yinlar kabi, yutilishi shart bo‘lgan o‘yin.

— Sky Sports‘da super yakshanba (Super Sunday) juda qiziq kechishi kutilmoqda Jyeymi Karrager va Gari Nevill ekspert sifatida qatnashadi. Shuningdek «Oazis» musiqiy guruhi rahbari Noel Gallaher ham ekspert sifatida studiya o‘tirib o‘yinni muhokama qilishadi. Bundan xabaringiz bormidi?
— Yo‘q.

— Bu haqida nimadir deya olasizmi?
—Noel — «Manchester Siti» eng mashhur fanatlaridan biri, bu muammo emas albatta. Ammo menga kimdir «Yevrovideniye» musiqiy tanlovida mutaxassis sifatida qatnash desa bu ishni qilmagan bo‘lardim! Bunaqa tavakkalchilikka qo‘l ura olmayman. Ammo Noel o‘zi xohlab shu ishni qilmoqchi bo‘lsa, qoyil, u juda jasur inson ekan.

— Suhbatga kelishdan oldin unga siz bilan intervyu uyushtirmoqchi ekanimni aytgandim. Shunda u menga mana shu savolni bering degandi: «David de Xeani o‘yinga tushirmaslikni iloji bormi, iltimos?»
— Yo‘q, Davidni yarim yo‘lda tashlab qo‘ymayman, ammo bizda ikkinchi darvozabon ham juda ajoyib. U Argentina terma jamoasi darvozaboni, jahon chempionati va Yevropa Ligasi finalida o‘ynagan, shunday ekan, bu borada hech qanday muammo yo‘q. Ammo David so‘nggi uchrashuvlarda fantastik futbol namoyish etmoqda va ko‘rinib turibdiki, hozirda u jamoamizning shubhasiz birinchi raqamli darvozaboni sanaladi.

— Futbolda oldindan nimadir deyish qiyin, lekin shunga qaramasdan yakshanba kungi o‘yindan nimani kutmoqdasiz?
— Ikkala jamoa uchun ham og‘ir o‘yin bo‘lishini kutyapman. Uchinchi jamoa (hakamlar nazarda tutilmoqda — Tribuna.Uz izohi) uchun ham o‘ta qiyin bo‘lishini taxmin qilyapman. Albatta ularga bu borada omad tilayman va maydonga tushadigan futbolchilarga muammo tug‘dirishni emas, balki ko‘mak berishlarini kutyapman. Futbolchilardan halol futbol ko‘rsatishlarini kutyapman. Ular kichik g‘alabadan so‘ng muvozanatni ushlab qolishini kutyapman. O‘yindan so‘ng uchchala jamoa uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘zidan qoniqish hosil qilishini xohlardim. Ammo bir narsa aniqki, biz bu uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilamiz, va o‘ylaymanki, «Manchester Siti» ham xuddi shu niyatda maydonga tushadi.

Azamat Murodov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: