10 oy bedarak yo‘qolgan fuqaroning jasadi topildi – qotil xotinining o‘ynashi bo‘lib chiqdi

Jamiyat 11:00 / 10.12.2017 66978

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasining hamkorlikdagi sa'y-harakatlari bilan poytaxtda sodir etilgan yana bir o‘ta og‘ir jinoyat fosh etildi. Ma'lum bo‘lishicha, 2017 yil yanvarida bedarak yo‘qolgan ko‘z shifokori T.Yu., rafiqasining “o‘ynashi” tomonidan o‘ldirilib, ko‘mib yuborilgani aniqlangan. Mazkur ish yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi rasmiy vakili Bobir Dehqonov KUN.UZ so‘rovi bo‘yicha quyidagilarni ma'lum qildi. 

“Toshkent shahar prokuraturasi 2017 yil 16 iyun kuni Toshkent shahar Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan O‘zR JKning 137-moddasi 2-qismi “v” bandi, ya'ni “odam o‘g‘irlash” alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari mobaynida gumon qilinuvchilar 1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan  S.T., tanishi 1995 yilda RFda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan M.T. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan. U o‘zi bilan ishqiy munosabatda bo‘lib kelayotgan Sh.Yu.ning turmush o‘rtog‘i, 1979 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan T.Yu.ni qasddan o‘ldirish maqsadida 2017 yil 11 yanvar kuni o‘zaro gaplashib olish bahonasida o‘zi tomonidan ijaraga olingan Mirobod tumanidagi xonadonga chaqirib, T.Yu.ni bo‘g‘ib o‘ldirgan. 

So‘ngra jinoiy izlarni yashirish maqsadida tanishining “Gazel” rusumli avtomashinasiga ortib, Bektemir tumani Chirchiqbo‘yi ko‘chasidagi “Polimer” zavodi qarshisidan o‘tuvchi Chirchiq daryosi qirg‘og‘iga ko‘mib kelgani aniqlangan. 

Ushbu holat yuzasidan 2017 yil 6 dekabr kuni mazkur jinoiy ishi 137-moddasi 2-qismi “v” bandidan 97-moddasi 2-qismi “b” bandiga qayta malakalangan. Yuqoridagi gumonlanuvchilar qo‘lga olinib, ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayni vaqtda, marhumning rafiqasi ushbu ishga aloqadorligi yoki yo‘qligi ham tekshirilmoqda”, - dedi Bobir Dehqonov. 

Shu o‘rinda Toshkent shahar IIBBning shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda mazkur jinoyatni ochishdagi keng qamrovli faoliyatini ta'kidlash joiz. 

“Bu ishni ochishda juda katta, keng qamrovli, amaliy, operativ surishtiruv ishlari amalga oshirildi. Biz so‘nggi damgacha T.Yu. tirik degan umidda edik, afsuski unday bo‘lmadi”, - deya o‘z fikrini bildirib o‘tdi brifingda ishtirok etgan ShIIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev.

Ko‘proq yangiliklar: