Terma jamoalarga nomzod sportchilar ro‘yxati qanday mezonlar asosida shakllantiriladi?

Sport 11:32 / 09.12.2017 8961

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatlarini shakllantirishning umumiy prinsiplari va mezonlari, ushbu ro‘yxatlarni tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi 173-sonli “Sport terma jamoalari to‘g‘risidagi nizomni hamda Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi qaror qildi:

1. O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatlarini shakllantirishning umumiy prinsiplari va mezonlari, ushbu ro‘yxatlarni tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

2. Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kirdi.

O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatlarini shakllantirishning umumiy prinsiplari va mezonlari, ushbu ro‘yxatlarni tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatlarini shakllantirishda qonuniylik, tenglik, obektivlik, adolatlilik hamda oshkoralik prinsiplariga asoslanadi.

O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatlari sportchilarning o‘tgan sport mavsumida rasmiy respublika yoki xalqaro sport musobaqalaridagi ishtiroki yakunlariga ko‘ra shakllantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatlariga:

mazkur Nizomning 1-ilovasida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiq rasmiy respublika yoki xalqaro sport musobaqalarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan barcha yosh toifalari va jinsiy mansubligi bo‘yicha sportchilar;

sportchilarni tayyorlashda bevosita qatnashgan trenerlar hamda xizmat ko‘rsatuvchi va ma'muriy xodimlar kiritiladi.

Sport turlari bo‘yicha respublika sport federatsiyalari (uyushmalari) kelgusi yil uchun tasdiqlanadigan O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalari nomzodlari ro‘yxatiga kiritish uchun Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari to‘g‘risidagi nizomga hamda mazkur Nizomda belgilangan mezonlarga muvofiq sportchilar, shuningdek trenerlar va xizmat ko‘rsatuvchi hamda ma'muriy xodimlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Ro‘yxat trenerlar kengashida muhokama qilinadi va uning natijasi bo‘yicha kengash bayonnomasi rasmiylashtiriladi. Ro‘yxat Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari to‘g‘risidagi nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda 3 ta nusxada rasmiylashtiriladi va majburiy ravishda:

sport federatsiyasi (uyushmasi) rahbari tomonidan imzolanadi va sport federatsiyasining (uyushmasining) muhri (muhr mavjud bo‘lganda) bilan tasdiqlanadi;

tegishli sport turi bo‘yicha bosh (katta) trener tomonidan imzolanadi;

tegishli sport turi bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi mavjud bo‘lganda, ushbu maktab rahbari tomonidan imzolanadi va maktabning muhri bilan tasdiqlanadi.

Ro‘yxat (3 ta nusxada) sport federatsiyasi (uyushmasi) rahbari tomonidan imzolangan taqdimnomaga ilova qilgan holda har yili 31 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga taqdim etiladi.

Tegishli sport turi bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi mavjud bo‘lganda, taqdimnoma ushbu maktab rahbari bilan kelishilgan holda maktab tomonidan taqdim etiladi.

Taqdimnomaga qo‘shimcha ravishda trenerlar kengashining ro‘yxatni muhokama qilganligi haqidagi bayonnomasi ilova qilinadi.

Taqdimnoma va unga ilova qilingan hujjatlar Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tomonidan har yili 10 yanvarga qadar ko‘rib chiqiladi. Bunda Ro‘yxat Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari to‘g‘risidagi nizomga hamda mazkur Nizomda belgilangan mezonlarga muvofiq shakllantirilganligi o‘rganib chiqiladi.

Ro‘yxatda kamchiliklar aniqlangan taqdirda, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi asoslantirilgan (kamchiliklar ko‘rsatilgan) xati bilan ro‘yxatni uni taqdim etgan tashkilotga qaytaradi.

Respublika sport federatsiyasi (uyushmasi) (respublika oliy sport mahorati maktabi) Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining xatida ro‘yxat bo‘yicha bildirilgan kamchiliklarni bartaraf etib, ro‘yxatni mazkur Nizomda belgilangan tartibda shakllantiradi va tasdiqlaydi hamda taqdimnomaga (kelishilgan taqdimnomaga) ilova qilgan holda 15 yanvarga qadar Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga qayta taqdim etadi.

Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi Respublika sport federatsiyasi (uyushmasi) (respublika oliy sport mahorati maktabi) tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlarni umumlashtiradi va 31 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.

Yil davomida O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 14 iyundagi 173-son qarori bilan tasdiqlangan Sport terma jamoalari to‘g‘risidagi nizomda ko‘rsatilgan asoslarga muvofiq qayta ko‘rib chiqish zarurati bo‘lganda, Respublika sport federatsiyasi (uyushmasi) (respublika oliy sport mahorati maktabi) taqdimnoma (kelishilgan taqdimnoma) bilan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga murojaat qiladi.

Bunda taqdimnomaga trenerlar kengashi tomonidan ro‘yxatni qayta ko‘rib chiqish va unga o‘zgartirish kiritish masalasi muhokama qilganligi haqidagi trenerlar kengashi bayonnomasi ilova qilinadi.

Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi taqdimnomani 10 kun ichida ko‘rib chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxatga o‘zgartirishlar Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining buyrug‘iga asosan kiritiladi.

Sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha kelgusi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining sport terma jamoalariga nomzodlar ro‘yxati O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi tomonidan shakllantiriladi va har yili 31 yanvarga qadar tasdiqlanadi.

Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.

 

Ko‘proq yangiliklar: