Mixail Saakashvili vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi

Jahon 07:43 / 09.12.2017 17028

Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili 8 dekabr kechki payt Kiyevda qo‘lga olinib, vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi. Bu haqda Ukraina bosh prokurori Yuriy Lutsenko ma'lum qildi.  

“Milliy politsiya xodimlari qidiruv haqidagi qarorga ko‘ra, Saakashvilining joylashgan o‘rnini aniqlab, uni qo‘lga olishdi. U vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi”, deb aytgan Lutsenko. 

Uning aytishicha, endi Saakashviliga nisbatan tergov harakatlari boshlash hamda unga nisbatan ehtiyot chorasi tayinlash bo‘yicha sudga murojaat qilish rejalashtirilmoqda.

Hafta boshida Saakashvili o‘z tarafdorlarini Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenkoning o‘z lavozimidan chetlatilishi uchun “katta ko‘lamli marsh” boshlashga chaqirgandi.

Ukraina maxsus xizmatlari oxirgi kunlar Saakashvilini ikki marta qo‘lga olishga harakat qilishgan, biroq buning uddasidan chiqa olishmagan. Birinchi holatda uni uyida, ikkinchisida Oliy rada ro‘parasida o‘rnatilgan chodirlar lagerida qo‘lga olishga harakat qilingan.

Avvalroq Ukraina bosh prokuraturasi Saakashviliga nisbatan uch modda: “Jinoyat sodir etishga urinish”, “Guruh bo‘lib jinoyat sodir etish”, “Jinoiy tashkilotlar ishtirokchilariga ko‘mak ko‘rsatish va ularning jinoiy faoliyatini yashirish” bo‘yicha ayblovlar e'lon qilgan.

Saakashvilining advokati Ruslan Chernolutskiyning ma'lum qilishicha, Saakashvili izolyatorda muddatsiz ochlik boshlashini e'lon qilgan.

“U muddatsiz ochlik boshlashini e'lon qildi, zo‘rlik bilan ovqatlantirishdan ham bosh tortmoqda. Agar ehtiyot chorasi sifatida uni 60 kunga hibsga olish qabul qilinsa, u ochlikni davom ettiradi”, deb aytgan Chernolutskiy izolyator binosi yonidagi chiqishida.

Ko‘proq yangiliklar: