Xitoydan tovarlarni noqonuniy olib kirishni rejalashtirgan soxta tadbirkorlarga hukm o‘qildi

Jamiyat 14:09 / 09.12.2017 13627

Chinoz tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Samarqand viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “Davr Talabi Qurilish Mollari” MChJ tomonidan Xitoydan katta miqdordagi tovarlarni respublikaga noqonuniy olib kirilishi holati bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilishini yakunlandi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xabar bermoqda.

Avvalroq, ya'ni 2017 yil 16 mart kuni Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida130 tonnadan oshiqroq vaznga ega bo‘lgan, umumiy miqdori 22 mlrd so‘mlik Xitoyda ishlab chiqarilgan turli tovarlarni 5 ta konteynerda respublikamizga noqonuniy olib kirilishi oldi olingan edi.

Yuk-kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, ushbu tovarlar Xitoydan Qozog‘istonga qadar avtotransportda, Qozog‘istondan esa temiryo‘l platformalarida Samarqand viloyatida joylashgan “Ulug‘bek” stansiyasiga yetkazilgan.

Hujjatlarga ko‘ra, konteynerlarda chinni buyumlar ishlab chiqarish uchun xom ashyo sifatida foydalaniladigan mahsulotlar (nefelin, dolomit, sirkoniy, kaolin, pegmatit) bo‘lishi lozim edi. Ammo, o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi davomida aniqlanishicha, barcha konteynerlar Xitoyda ishlab chiqarilgan turli iste'mol tovarlari bilan “liq to‘ldirilgan holda” bo‘lgan. Xususan, erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari, turli poyabzallar, trikotaj mahsulotlari, turli matolar, kosmetika va parfyumeriya mahsulotlari, bijuteriya, uyali aloqa vositalari va boshqa jami 651 nomdan iborat bo‘lgan tovarlar borligi ma'lum bo‘ldi.

Alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, yuklar orasida respublikaga maxsus ruxsatnomalarsiz olib kiritilishi taqiqlangan dori vositalari, meditsina buyumlari, turli biologik aktiv qo‘shimchalar mavjud ekanligi aniqlangan.

Xususan, qo‘lga olingan tovarlar orasida katta partiyada, nazoratsiz iste'mol qilinishi inson hayoti va salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatish oqibatlariga olib kelishi mumkin bo‘lgan jami 10 ming dona “Lirika” nomli dori vositalari mavjudligi aniqlangan.

Shubhasiz, ushbu noqonuniy sxema mualliflarining niyati, tovarlarni bojxona rasmiylashtiruviga qadar bojxona to‘lov stavkalari past bo‘lgan keramika va chinni buyumlarni ishlab chiqarish uchun import qilinadigan xomashyo iste'mol tovarlari bilan almashtirib qo‘yish edi.

Bir oz vaqt o‘tgach, xuddi shu kabi tovarlar bilan to‘ldirilgan va soxtalashtirilgan hujjatlar bilan Samarqandga “Davr Talabi Qurilish Mollari” MChJ manziliga harakatlanayotgan yana ikkita konteyner Toshkent viloyatida aniqlanib ushlab qolingan.

Chinoz tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi ushbu jinoyat ishini ko‘rib chiqib, 2017 yil 14 noyabr kuni aybdor shaxslarga nisbatan hukm chiqardi.

Xususan T.A.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida (44 932 500 so‘m) jarima jazosi, Sh.D.ga eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida (44 932 500 so‘m) jarima jazosi,“Davr Talabi Qurilish Mollari” MChJ direktori va ta'sischisi X.O.ga esa oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Bundan tashqari, sud hukmiga muvofiq, ilgari “Davr Talabi Qurilish Mollari” MChJ manziliga jo‘natilgan va Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan ushlab qolingan qiymati 18,36 mlrd. so‘mlik tovar va konteynerlar, shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan aniqlangan umumiy qiymati 3,4 mlrd so‘mlik tovarlar davlat foydasiga musodara qilindi.

Vakolatli organlar tomonidan beriladigan maxsus sertifikat va ruxsatnomalarga ega bo‘lmagan qiymati 4 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan tovarlar esa o‘rnatilgan tartibda yo‘q qilinishi belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: