Kuvaytdagi sammit muddatidan oldin yakunlandi, unda Qatarga so‘z berilmadi

Jahon 15:40 / 06.12.2017 6705

Fors ko‘rfazida siyosiy inqiroz boshlanganidan buyon ilk marta o‘tkazilgan Fors ko‘rfazining arab davlatlari hamkorligi Kengashining sammiti (Bahrayn, Qatar, Kuvayt, BAA, Ummon va Saudiya Arabistoni) bir soatga yaqin vaqt davom etdi. Uning ishtirokchilari 37 punktdan iborat kommyunike (bayonnoma) bo‘yicha kelishishga ulgurishdi. Bayonnomada AQShning Isroildagi elchixonasi Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirilishidan tortib Suriya hamda Yamandagi vaziyat ham tilga olingan. Shu bilan birgalikda, sammitda Qatar tomonidan bayonot berilmadi.

Sammit oliy darajada o‘tishi aytilgan bo‘lsada, unda faqat ikki davlat rahbari, mezbon Kuvayt amiri Saboh al-Ahmad al-Jobir as-Saboh hamda Qatar amiri Tamim ibn Hamad Ol Soniy ishtirok etdi. Dohaga boykot e'lon qilgan davlatlar rahbarlari al-Kuvaytga kelishmadi. Forumda bu davlatlarning hukumatlari vakillari ishtirok etishdi.

Kuvayt amiri o‘z so‘zida o‘zaro ziddiyatlar mavjud bo‘lishiga qaramasdan, Fors ko‘rfazining arab davlatlari hamkorligi Kengashi mavjudligini saqlab qolganini ma'lum qildi. U sessiya arafasida nizoni bartaraf etish mexanizmini ishlab chiqishga chaqirdi.

Sammit ikki kun davom etishi belgilangandi. BAA delegatsiyasi rahbari Anvar Gargashning aytishicha, "Kuvayt noqulay sharoitlarda bu sammitni tashkil etish orqali muvaffaqiyatga erishdi". Boshqa davlatlarning vakillari izoh berishdan tiyilishdi. Sammit arafasida Kuvayt amiri shayx Tamim "bu sammit Fors ko‘rfazida tinchlik va barqarorlik ta'minlanishiga xizmat qilishi"ga umid bildirib o‘tgandi.

Kommyunike
Uchrashuv ishtirokchilari Fors ko‘rfazining arab davlatlari hamkorligi Kengashi birligini saqlab qolish borasida yakdil fikr bildirishdi, shuningdek, mudofaa sohasida va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Yaman fuqarolari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi husiychilarga qarshi ("Ansorulloh" harakati) birlashishga da'vat etildi, Quddusning maqomi o‘zgarishi ehtimoliga munosabat bildirildi va uning oqibatlaridan ogohlantirildi, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash masalalari muhokama etildi.

Bundan tashqari, 6 davlat vakillari Eron boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashayotganini e'tirof etishdi va rasmiy Tehrondan "terrorchi guruhlarni moliyalashtirishni bas qilish"ni talab qilishdi. Ishtirokchilar Suriya, Liviya va Iroq masalasidagi pozitsiyalarini takrorlashdi.

Hujjat Qatar va Kuvayt amirlari, Saudiya TIV rahbari Odil al-Jubayr, BAA davlat vaziri Anvar Gargash, Bahrayn bosh vaziri o‘rinbosari Muhammad ibn Muborak ibn Hamad al-Xalifa va Ummon bosh vaziri o‘rinbosari Fahd ibn Mahmud as-Said tomonidan imzolandi.

Mettissiz
Pentagon rahbari Jyeyms Mettis ushbu forumda ishtirok etishi kutilgandi. Ammo u Kuvayt amiri bilan delegatsiyalar rahbarlari uchib kelishi arafasida alohida uchrashib oldi.

Sammit arafasida AQSh Davlat departamenti rahbari Reks Tillerson ham kuvaytlik hamkorlar bilan uchrashib, mintaqadagi vaziyatni muhokama etgandi.

Fors ko‘rfazi inqirozi
5 iyun kuni Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Misr va BAA Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzgani haqida ma'lum qilgandi. Bu davlatlar rasmiy Dohani terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishda aybladi. Buning ortidan Qatar iqtisodiy va transport blokadasiga uchradi.

Qatar arab davlatlari qarorini asossiz deb baholadi. Keyinroq "to‘rtlik" o‘z talablari ro‘yxatini Dohaga yo‘lladi. Bu ro‘yxatda Eron bilan diplomatik aloqalar darajasini pasaytirish, "Al-Jazira" telekanalini yopish, Turkiya bilan harbiy hamkorlikni to‘xtatish va Qatardagi turk harbiy bazasini yopish talablari bor edi.

Kengashning keyingi sammiti 2018 yilning ikkinchi yarmida Ummonda bo‘lib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: