Tojikiston Afg‘onistondan chegaradagi otishmani tergov qilishni talab qilmoqda

Jahon 23:10 / 03.12.2017 14039

Tojikiston ichki ishlar vazirligi Afg‘oniston hukumatiga rasmiy nota jo‘natib, unda 2 dekabrga o‘tar kechasi Shamisiddini Shoxin tumanida yuz bergan qurolli mojaroni  tergov qilishni talab qildi.

Tojikiston ichki ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, 2 dekabr taxminan soat 19 larda Shamsiddin Shoxin tumanining Navobod degan tog‘li joyida Afg‘onistonning 12 nafar fuqarosi – kontrabandachilar Tojikiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. U yerda qoidabuzarlar tojik chegarachilariga duch kelganlar va ular orasida otishma chiqqan.

“Chegarani buzganlar chegarachilarning taslim bo‘lish talabiga javob berishmagan va o‘q uza boshlashgan. Oqibatda “Sho‘roobod” chegara otryadi sardori, qoidabuzarlarni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyaga boshchilik qilgan polkovnik Xayriddin Axtamov qahramonlarcha halok bo‘ldi. Yana 4 chegarachi jarohat olgan”, deb aytilgan notada.

Tojikiston milliy xavfsizligi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu voqea oqibatida 3 nafar afg‘on kontrabandachisi yo‘q qilingan, qolganlari esa Afg‘oniston hududida yashiringan. Voqea joyida 4 ta avtomat va 33 kg dan ko‘proq giyohvand modda aniqlangan.  

Tojikiston o‘z norozilik maktubini 3 dekabr kuni jo‘natdi. Unda Afg‘oniston hukumati voqea aybdorlarini qo‘lga olish, chegarani qo‘riqlashni kuchaytirish va kelgusida boshqa bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmasligi bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishiga umid  bildirilgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: