AQSh suriyalik kurdlarga qurol yetkazib berishni to‘xtatadi

Jahon 07:30 / 03.12.2017 6726

AQSh mudofaa vaziri Jyeyms Mettis 2 dekabrda AQSh Suriyadagi kurdlarning mudofaa kuchlariga (Yekîneyên Parastina Gel, YPG) qurol yetkazib berishni to‘xtatishini, chunki bunga boshqa hojat yo‘qligini aytdi. 

Mettisning Misrga yo‘lda samolyot bortida jurnalistlar bilan suhbatida jurnalistlardan biri “Vashington YPG’ga qurol yetkazib berishni to‘xtatadimi?” deb qiziqdi. 

“Ha, biz prezident Tramp aytganiga qat'iy amal qilamiz”, deb javob bergan Mettis. Uning aytishicha, kurd otryadlari “yetarlicha qurollangan va koalitsiya hujumkor operatsiyalarni yakunlayotgani sababli, endi bunga hojat yo‘q”.

“Suriyalik kurdlar qurollangan va koalitsiya hujumkor operatsiyalarni yakunlayotgani sababli, bunga boshqa hojat yo‘q. Xavfsizlik kerak, mahalliy bo‘linmalar ichidan politsiya kuchlari kerak. Bular IShID qaytmasligini kafolatlovchi odamlar bo‘ladilar”, deb aytgan AQSh mudofaa vaziri. 

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘lu avvalroq ma'lum qilgandek, Tramp Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqotda suriyalik kurdlar otryadlariga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga ko‘rsatma berganini aytgan. 

Anqara Vashington suriyalik kurdlarga qurol yetkazib berib xato qilayotganini bir necha marta aytib o‘tgan. Anqaraning ta'kidlashicha, bu qurol keyinchalik Turkiyaga qarshi qaratilishi mumkin.

 

Ko‘proq yangiliklar: