Kelajakning tez orada ommalashib ketadigan 15 texnologiyasi

Light 20:09 / 29.11.2017 36045

Sun'iy intellekt, neyrointerfeys va bir qarashda fantastik texnologiyalar yaqin kelajakda ommalashib ketishi kutilmoqda. Lifehacker sayti shu kabi texnologiyalarning keng tarqalishi kutilayotgan namunalariga to‘xtalgan. 

1. Aqlli ko‘zoynaklar

Google Glass — internet qidiruv xizmatidan taqdim etilgan aqlli ko‘zoynakdir. Ular 2014 yil o‘rtalaridayoq namoyish qilingandi. Ushbu texnologiyaning hozircha ommalashmayotganining yagona sababi — narxida. Google kompaniyasining aqlli ko‘zoynagini xarid qilmoqchi bo‘lsangiz 1 500 dollarning bahridan o‘tishingiz kerak bo‘ladi. 

Aytish joizki, aqlli ko‘zoynaklar qimmatligi sababli ulardan voz kechish yaramaydi. Bir vaqtlar mobil qurilmalar ham qimmat bo‘lgani, hamma ham mobil telefonlardan foydalana olmagani e'tiborga olinsa, Microsoft va Sony kompaniyalari ham aqlli ko‘zoynaklar ustida ish olib bormoqda. Bu esa, tonggi yugurish vaqtida video ham ko‘rishingiz mumkinligini anglatadi. 

2. Smart Data

Avtomatlashtirish — zamonaviy texnologiyalar hal qilishga urinayotgan asosiy vazifalardan biridir. Garchi bugungi kunda jarayonlar avtomatlashgan tarzda davom etayotganiga qaramay, ayrim ishlarni qo‘lda bajarishga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, telefon raqamlarini aloqalar ro‘yxatiga kiritish shu jumladan. Ehtimol bu ishni ham tez orada qurilmaning o‘zi bajarsa ajab emas. 

RelateIQ kompaniyasi sizning joriy aloqalar ro‘yxati, elektron pochtasi va xabarlardan kelib chiqqan holda aloqalar ro‘yxatini tuzish ustida ish olib bormoqda. Natijada sizga ismni aytish kifoya qiladi. Barcha ma'lumot telefoningizda paydo bo‘ladi. 

3. Olib yuriladigan elektronika

Aqlli ko‘zoynaklar va soatlar — bu bizni tashqi dunyo bilan bog‘laydigan qurilmalardir. Ammo bizni tanamiz bilan ham bog‘laydigan texnologiyalar borligini unutmaslik kerak. Ularning ishlanmasi bilan yirik ilmiy institutlar, korporatsiyalar va kichik kompaniyalar shug‘ullanmoqda. Gap yurak qisqarishlarini o‘lchay oladigan quloqchinlar, qon tarkibidagi qand moddasi miqdorini o‘lchaydigan linzalar, NFC texnologiyali tatular haqida bormoqda.

Ishlab chiquvchilar bu kabi gadjyetlarni havola qilishar ekan, bozorni turli implantlar to‘ldiradi. Ular muhim ma'lumotlarni to‘playdi va o‘sha yuqori qayd etganimiz aqlli ko‘zoynakda aks ettiradi. 

4. Aqlli uy

Bu texnologiya allaqachon haqiqatga aylangan. Muzlatgichlar qaysi mahsulot tugayotganidan xabar bermoqda, pishirgichni smartfon vositasida boshqarish mumkin. 

Yaqin kelajakda pishirgichlar uyga kelguningizcha taomni isitib qo‘yishni, muzlatgich esa, mahsulotni o‘zi buyurtma qilishni o‘rganadi. Siz bu vaqt ichida boshqa muhimroq ishlarni bajarishingiz mumkin bo‘ladi. 

5. Virtual reallik

Oculus Rift, HTC Vive va PlayStation VR — bularning barchasi yangi o‘yin tajribasini taqdim etadi. Albatta fantastika tarafdorlari virtual reallik haqida bong urib kelishmoqda, ammo bu haqiqatga aylanishi haqida kim ham o‘ylabdi, deysiz?

O‘yin qurilmalari ishlab chiqaruvchilar bizlarga virtual reallikdan yangi-yangi hissiyotlar olishimiz uchun ko‘pmillionli mablag‘larini sarflamoqda. VR-qurilmalar rivojlanishiga asos qo‘yilgan. Tez orada biz uyimizni tark etmasdan istagan sayyoralarga sayohat qilishimiz mumkin. 

6. Golografik tasvirlar

«Yulduzlar jangi» yoki «O‘ziga xos fikr» filmidagi golografik tasvirlar yodingizdami? Hozirdayoq bu kabi texnologiyalar fantastika bo‘lmay qoldi. 

Golografik proyeksiyalarni qo‘llash sohasi faqat o‘yinlar va media bilan chegaralanmagan. Tasavvur qiling, kontakt linza tasvirni ko‘z qorachig‘ida aks ettiradi. Ko‘rish bilan muammosi borlar jarrohlik amaliyotisiz yaxshi ko‘ra olishadi. 

7. Neyrointerfeys

Aslida neyrointerfeysga o‘xshash narsa allaqachon ishlab chiqilgan va tibbiyotda muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Kvadriplegiklar — tanasi to‘liq shol bo‘lib qolganlar — kompyuterdan foydalangan holda neyrointerfeys vositasida gaplashishadi. 

Albatta, texnologiya mukammallikdan ancha uzoq. Biroq neyrotexnologiyalar taraqqiy etishi bilan jamiyatga qaytishi va hayotdan to‘la bahra olishi mumkin. 

8. Universal xizmatlar

Internetning globallashuvi tasavvur qilib bo‘lmaydigan qamrovga ega bo‘lib bormoqda. Dunyoning istalgan nuqtasida bu tarmoqqa ulanish mumkin. Ilon Maskning keng qamrovli loyihasi amalga oshgudek bo‘lsa, internet hamma yerni qoplab oladi.

Shunga ko‘ra, Uber kabi xizmatlar paydo bo‘layotgani taajjublanarli emas. Bu mobil ilova yordaida dunyoning istalgan mamlakatida buyurtma berish mumkin bo‘lgan taksi xizmatidir. Yaqin-yaqinlardan boshlab Uber taom yetkazib berish xizmatini ham yo‘lga qo‘ydi. Tez orada bu kabi universal xizmatlar yanada ko‘payadi. 

9. Raqamli yetkazib berish

Dunyo katta sur'atlarda o‘zgarib bormoqda. Bundan 15 yillar avval yaqin kelajakda musiqa, kino va o‘yinlar disklarini saqlashga hojat qolmasligini tasavvur ham qila olmas edik. Steam va onlayn-kinoteatrlar bizning do‘konlarga borishimiz o‘rnini egalladi. Sevimli guruhning yangi albomini xarid qilish o‘rniga, musiqa xizmatiga obuna bo‘lish va barcha musiqalarini tinglash imkoniga ega bo‘lish qulayroq, albatta. 
Raqamli yetkazish o‘z cho‘qqisiga yetganicha yo‘q, ko‘pchilik hamon axborot tashuvchi jihozlardan foydalanmoqda.

10. Robotlar

Robotsozlik so‘ngi 10 yilda ancha rivojlandi. To‘g‘ri, haqiqiy terminatorlar paydo bo‘lishi uchun bir necha 10 yillar borligi aniq. Lekin og‘ir va ko‘ptonnalik ishlarni titanli yelkalari yordamida bajarib tashlaydigan robotlar yain orada paydo bo‘lsa, ajab emas. Masalan, bu borada Boston Dynamics kompaniyasi xizmatlarini e'tirof etish kerak.

11. Bioyoqilg‘i va energiyaning yangilanadigan manbalari

Omon bo‘lsak, yana 30 yillardan so‘ng biz qazilma energiya manbalaridan qayta tiklanuvchi manbalariga o‘tamiz. Neft va gaz qachondir tugaydi, quyosh va shamol energiyalari esa, aksincha. Bundan tashqari quyosh batareyalari ekologik toza mahsulotdir. 

12. Energiyasini simsiz uzatish

Qurilmalar va texnologiyalar har yili tobora ko‘proq energiya sarflamoqda. Shu boisdan ham biz ularni uzluksiz elektr quvvati bilan ta'minlashimiz kerak. Telefonlarni simsiz quvvatlash — bu jarayonning boshlashidir.

Isroilda, allaqachon, elektromobilni harakatlanish chog‘ida quvvatlantiradigan yo‘l sinovdan o‘tkazildi. Apple joriy yilda smartfonni Wi-Fi orqali quvvatlash texnologiyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Agar muhandislar juda keng hajmdagi akkumulyatorlarni ishlab chiqa olishmasa, ularni umuman quvvatni yo‘qotmasligini ta'minlash kerak bo‘ladi. 

13. 5G internet

Internet trafiklar hajmining doimiy ravishda o‘sishi mobil tarmoqlar rivojini belgilab bermoqda. Messenjerlar, videoqo‘ng‘iroqlar, 4K-video va striming xizmatlariga ma'lumotlarni yuborishning yangi texnologiyalari talab etiladi. Shunday ekan, yaqin kelajakda 5G interneti paydo bo‘lishi shubhasiz. 

14. Sun'iy intellekt

To‘liq ishlay oladigan sun'iy intellektni ishlab chiqish — bu shunchaki biroz vaqt talab etadigan jarayon. U inson sivilizatsiyasi rivojida tub burilish nuqtasi bo‘ladi. Shundan so‘ng, dunyo butunlay o‘zgaradi. 

Aslida, neyrotarmoqlarning rivojlanish sur'atlari e'tiborga olinsa, sun'iy intellekt erishib bo‘lmaydigan narsa emas. Mashinalani o‘rgatish yuqori darajaga chiqdi va hozirda ko‘p narsani bajara oladi. Misol uchun u ssenariylar, kitoblar va qo‘shiqlar yozishi mumkin. 

Albatta dasturlar ko‘ngildagidek ishlayotgani yo‘q, ammo neyrotarmoqlar biz to‘g‘ri yo‘nalishda harakatlanayotganimizni isbotlaydi. 

15. Grafen

Birinchi grafen 2004 yili ishlab chiqarildi. O‘shandan buyon olimlar materialni keng miqyosda ishlab chiqarish usuli ustida bosh qotirishmoqda. 

Grafen — o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan universal materialdir. Undan hayotimizning barcha jabhasida foydalanish mumkin. Ma'lumotlarni tezkor uzatish, suvni tozalash filtrlari va hatto smartfonning sinmaydigan korpuslarini yasasa bo‘ladi. Bu mahsulotni sanoat miqyosida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilsa, yana bir sanoat inqilobi bo‘lishi aniq. 

Ko‘proq yangiliklar: