Rossiya va Fransiyada saqlanayotgan Qur'on qo‘lyozmalarining nusxalari O‘zbekistonga topshirildi

Jamiyat 17:35 / 28.11.2017 24435

Bugun, 28 noyabr kuni Toshkentda «Zamonlar chorrahasi: o‘tmishning buyuk merosi – ma'rifatli kelajak poydevori» mavzuidagi Xalqaro media-forum o‘z ishini boshladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, media-forumda «Katta Langar Qur'oni», «Devoni Husayni», «Poklik bog‘i», «Temur tuzuklari», «Me'rojnoma» nomli qo‘lyozmalarining nusxalari O‘zbekiston hukumatiga tantanali ravishda topshirildi.

Rossiya Federatsiyasi Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari instituti va Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan ushbu durdonalarning faksimil nusxalari Yevropaning mashhur bosmaxonalaridan birida yuqori texnologiyalar bo‘yicha tayyorlangan. Ular  maksimal darajada asl nusxasiga yaqin, tabiiy oltin qoplamali qog‘ozda ishlangan.

«Katta Langar Qur'oni» qo‘lyozmasi Qur'oni Karimning bizgacha yetib kelgan eng qadimiy va bebaho nusxalaridan biri hisoblanadi. Qo‘lyozma VIII asr oxirlarida pergamentga kufiy-hijoziy xatida bitilgan. Neva daryosining sohilida, Rossiya fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari institutida ana shu muqaddas kitobning bizga yetib kelgan eng katta qismi – 81 sahifasi saqlanadi.

Butun dunyoga mashhur Usmon mushafining nodir nusxalaridan biri sanalgan bu qo‘lyozma RAF Sharq qo‘lyozmalari institutiga Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani Katta Langar qishlog‘idan borib qolgan. Bu kitobning yana 16 sahifasi O‘zbekistonda – Katta Langar qishlog‘ida, Toshkent va Buxoroda saqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: