«O‘zbekiston va Tojikiston Rog‘un bo‘yicha maqbul yechimni topishi kerak»

O‘zbekiston 10:42 / 25.11.2017 49973

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar transchegaraviy daryolarni boshqarish sohasidagi hamkorlikning yo‘qligi tufayli hamon murakkab bo‘lib qolmoqda. Bu haqda Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi va ADELPHI kompaniyasi tomonidan «Markaziy Osiyo bo‘yicha suv muammosini qayta ko‘rib chiqish: harakatsizlik zarari va suv bo‘yicha hamkorlik ustunligi» Blue Peace Shveytsariya tashabbusi doirasida o‘tkazilgan qo‘shma tadqiqotda aytiladi. 

Ta'kidlanishicha, «bu Rog‘un GES to‘g‘onining qurilishi bo‘yicha mamlakatlar pozitsiyasida yaqqol ko‘rinadi».

«O‘tgan yili Mirziyoyev prezidentlik lavozimini egallagach, keskinlik bir qadar yumshagan bo‘lishiga qaramay, tomonlar muhokamalarda O‘zbekistonga kelayotgan suv hajmining kamayishi fakti hamda O‘zbekiston tomonidan beriladigan keyingi savollarni e'tiborga olishi kerak», - deya ta'kidlanadi tadqiqotda.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, Rog‘un loyihasi bo‘yicha muzokaralarga yo‘naltirilgan «siyosiy kapital» hisobga olingan holda, «har ikki tomon o‘zini qoniqtirishi mumkin bo‘lgan qarorning topilishidan manfaatdor, qo‘shma bo‘lmagan pozitsiyalar esa kamida bir tomonga, katta ehtimol bilan, har ikki tomonga ham zarar yetkazadi», deya xabar beradi AP.

«Biroq, katta xarajatlarga olib kelish uchun, siyosiy keskinlikni beqarorlikka qadar olib kelish shart emas: hamkorlikning yo‘qligi ham dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan tog‘li Tojikiston uchun katta zarar keltiradi. Bu qo‘shni davlatlar bilan bir fikrning yo‘qligi sababli imkoniyatlardan to‘la foydalanmaslik hisobiga yuz beradi, hattoki boshqa iqtisodiy murakkabliklar va xavfsizlik muammolari ham ikkinchi o‘ringa tushib qoladi», - deyiladi tadqiqotda.

Tadqiqot mualliflari «1990-yillardagi fuqarolik urushi tufayli vayron bo‘lgan hamda siyosiy barqarorligi hamon omonat turgan» Tojikistonga qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishni tavsiya qilishgan.

O‘zbekiston Islom Karimov davrida Rog‘un GESning qurilishiga qat'iy qarshi chiqqan.

Mamlakat ushbu GESning qurilishi bilan daryolar suvi kamayib ketishini ma'lum qilgan, shuningdek, GES to‘g‘oni buziladigan bo‘lsa, ekologik falokat xavfi bilan ogohlantirgan.

Shavkat Mirziyoyev prezident lavozimiga kirishgach, rasmiy Toshkentning Rog‘unga nisbatan pozitsiyasi biroz o‘zgardi: O‘zbekiston TIV rahbari joriy yilning yozida O‘zbekiston Rog‘un GES qurilishiga qarshi emasligi, faqat bu jarayonda O‘zbekiston milliy manfaatlari ham hisobga olinishi lozimligini ma'lum qildi.

Ayni damda Rog‘un GES qurilishi bilan Italiyaning Salini Impregilo kompaniyasi shug‘ullanmoqda.

O‘tgan yilning oktabrida toshli to‘g‘onni qurish bo‘yicha ishlar boshlandi, uning balandligi 335 metrni tashkil etadi. Bu inshootni qurishga 1,95 mlrd. dollar yo‘naltiriladi.

Kutilishicha, birinchi turbina kelasi yilning oxirida foydalanishga topshirilsa, ikkinchisi – 2019 yilning boshida. 

Ko‘proq yangiliklar: