Rossiyalik sportchilar 2014 yilgi Olimpiadaning 9 ta medalidan mahrum etildilar

Sport 09:15 / 25.11.2017 8559

24 noyabrda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Sochida o‘tgan 2014 yilgi Olimpiada medallarini qo‘lga kiritgan ikki rossiyalik sportchini antidoping qoidalarini buzganlikda aybdor deb topdi. Shunga ko‘ra, Sochi Olimpiadasining bobsley sport turi bo‘yicha ikki karra chempioni Aleksandr Zubkov va konkichilar o‘rtasidagi musobaqalarning (500 metr) kumush medali sohibasi Olga Fatkulinaning natijalari bekor qilindi. Bundan tashqari, ular Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqidan umrbod mahrum etilishdi.

XOQning 2017 yil noyabrda chiqargan qarorlariga ko‘ra, Rossiya terma jamoasi umumiy hisobda 9 ta: 4 ta oltin, 4 ta kumush va bitta bronza medalidan mahrum etildi. Bitta oltin medal rossiyalik chang‘ichilar Aleksandr Legkov va Maksim Vilegjaninning natijalari bekor qilingandan keyin yana bir rossiyalik chang‘ichi Ilya Chernousovga nasib qildi.

Shu tariqa, Rossiya Sochi Olimpiadasida umumjamoa hisobida qo‘lga kiritgan medallar soni bo‘yicha yetakchilikni qo‘ldan chiqardi. Rossiyalik sportchilar umumiy hisobda 13 ta oltin medalni qo‘lga kiritgandi, endi esa ular soni 10 tagacha kamaydi. Birinchi o‘ringa Sochida 11 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan norvegiyaliklar ko‘tarilib olishdi, Rossiya esa 3-o‘ringa tushib ketdi. 

XOQ tomonidan chetlatilgan rossiyalik sportchilar orasida, shuningdek, chang‘ichilar Aleksandr Legkov va Maksim Vilegjanin; skeletonchilar Aleksandr Tretyakov va Yelena Nikitina ham bor.

Ko‘proq yangiliklar: