Misrda teraktdan keyin 30 jangari va ularga tegishli qurol omborlari yo‘q qilindi

Jahon 08:56 / 25.11.2017 10526

Misr harbiy-havo kuchlari Sinay yarimorolidagi Ar-Raud masjididagi teraktga aloqador bo‘lgan jangarilarning transport vositalari va ularga tegishli qurol-aslaha va o‘q-dori omborlarini yo‘q qildi. Bu haqda Misr qurolli kuchlari vakili Tamer Rifaiyga iqtibos keltirgan holda Al Arabiya telekanali xabar bermoqda. 

24 noyabrda Shimoliy Sinay viloyatidagi Bir-al-Obod qishlog‘ida joylashgan ar-Raud masjidiga juma namozi vaqtida hujum qilindi. Terrorchilar masjid ichida bombani portlatgach, u yerdan sarosimada yugurib chiqayotgan odamlarni o‘qqa tutganlar. Hujum oqibatida oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 235 kishi halok bo‘lgan, 130 dan ko‘proq kishi jarohat olgan.  

“Masjiddagi teraktga aloqador bo‘lgan terrorchilar ta'qib qilinishi vaqtida harbiy-havo kuchlari shafqatsiz teraktda qo‘llangan bir nechta transport vositalarini yo‘q qildi”, deb aytgan Rifaiy.

Shuningdek, Sinay yarimorolining markazidagi Ar-Risan qishlog‘ida o‘tkazilgan reyd davomida xavfsizlik kuchlari teraktga aloqador 30 jangarini yo‘q qilganlar.

Telekanalning ta'kidlashicha, teraktdan keyin Misr va G‘azo sektori chegarasida joylashgan Rafah shahridagi nazorat-o‘tkazish punkti yopib qo‘yilgan.

SkyNews Arabia telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, maxsus kuchlar hujumga tayyorgarlik ko‘rilgan ekstremistlar mashg‘ulot lagerlarini qidirishmoqda.

“Jafokashlar uchun o‘ch” deb nomlangan operatsiya teraktdan bir necha soat o‘tib Sinay shimoli va markazida boshlangan. Misr prezidenti va bosh qo‘mondoni Abdul Fattoh as-Sisiy buyrug‘iga ko‘ra, terrorchilarni ta'qib qilishga politsiya va armiya bo‘linmalari jalb qilingan. Operatsiya mamlakat qurolli kuchlari, harbiy-havo kuchlari va ichki ishlar vazirligining umumiy qo‘mondonligi nazoratida o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: