Qishki mavsumda uzluksiz elektr ta'minoti bo‘ladimi?

O‘zbekiston 12:29 / 25.11.2017 38425

Samarqand viloyat matbuot markazida «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan 2017–2018 yillarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda jurnalistlar, elektr energiyasi ta'minoti korxonalari xodimlari va tumanlardan vakillar ishtirok etishdi.

Anjumanni «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov kirish so‘zi bilan ochdi.

R.Rayimov viloyatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani yuzasidan transformator podstansiyalari yangilanayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, «Cho‘ponota» podstansiyasiga ikkita 200 MVtlik yangi transformator podstansiyasi o‘rnatilgani, Samarqand shahrida magistral elektr tarmoqlari uchun ikkita 200 MVtlik yangi transformator o‘rnatilgani ta'kidlandi.

Kattaqo‘rg‘on hududida ham xuddi shu quvvatdagi transformator podstansiyasi keltirib, o‘rnatish loyihalashtirilayotganini aytib o‘tdi. Magistral elektr tarmoqlari to‘liq yangi transformator podstansiyalari bilan jihozlanib bo‘lgach, elektir energiyasi uzatishda umuman uzilishlar bartaraf etilishi ta'kidlandi.

«Galdagi vazifa Samarqand tumani – Afrosiyob hududi tarmoqni yangilash bo‘ladi. U yerga 2 ta 40 MVtlik transformator o‘rnatildi. Yana bir og‘ir hudud, keyingi yillarda elektrsizlikdan qishda juda qiynalgan tuman — Urgut tumanidir. Urgutda erkin sanoat zonasini uzluksiz tok bilan ta'minlash uchun bitta transformator ishlab turgan edi. Loyihalashtirish ikkita alohida yangi 25 MVtlik transformator podstansiyasi 10 dekabrgacha ishga tushiriladi», — dedi Ro‘ziqul Rayimov.

«Samarqand shahridagi «Bog‘ishamol» va Narpay tumanida esa «Tinchlik» podstansiyalari yangi 4 MVtlik podstansiyalarga almashtirilmoqda. Yillar davomida bunday katta hajmdagi ish qilinmagan edi. Viloyatda 8 ta yirik transformator podstansiyasi butkul yangisiga almashtirilmoqda».

«Samarqand viloyatida uluksiz elektr energiyasi ta'minoti bo‘ladimi?» degan savolga javob berishimiz kerak. Albatta, bunga erishsa bo‘ladi, lekin qars ikki qo‘ldan chiqishini unutmasligimiz lozim. Aholi ham iqtisod qilish, energiya tejovchi lampalardan foydalanish, to‘lovlarni vaqtida amalga oshirish kabi choralar bilan peshvoz chiqishi kerak.

Yaqinda Prezidentimiz bu sohada yana bir muhim qarorni imzoladi. Ikki stavkali tariflar borasida. Bizda eng qiynalayotgan qatlam aynan aholi qatlami. Chunki katta-katta zavodlarimiz, ishlab chiqaruvchi korxonalar uzluksiz, to‘liq elektr energiyasi bilan ta'minlanadi. Eng ko‘p elektr energiyasi sarf qilinadigan soatlar kechki soat 6 dan 9 gacha, ertalabki soat 6 dan 8 gacha — mana shu 5 soatlik tig‘iz vaqt ichida elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlanishi kerak. Bu borada ham muayyan ishlar amalga oshirib borilmoqda».

So‘zga chiqqan viloyat «Zarafshon» gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev elektr energiyasi sarfini turlicha stavkalarda — tig‘iz vaqtda boshqacha, oddiy vaqtda boshqacha hisoblovchi elektr hisoblagichlar haqida gapirdi. Shuningdek, mutaxassislarning fikricha, yurtimizda uzatilayotgan elektr energiyasining 30 foizga bo‘lgan qismi transformator podstansiyalari va simlarning eskiligi, simyog‘och simlari daraxtlar shox-shabbalari orasida qolib ketgani uchun qisqa tutashuvlar yuz berishi, turli o‘g‘irliklar tufayli «yo‘qolib» qolayotgani ham tilga olib o‘tildi.

Sinov uchun mahallalardan birida shunday betartibliklarga barham berilib, simlarni yo‘li ochilib, elektr energiyasi hamma xonadonlarga bir xil turdagi va kesimdagi sim bilan keltirilganida elektr ta'minotida ikki yildan beri biror bir uzilish ro‘y bermayotgani qayd etib o‘tildi.

Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ishga endigina tayinlangan rahbari Mahmud Pardayev va Janubiy-g‘arbiy magistral elektr tarmoqlari bosh injyeneri Abdimurod Abdurahmonov chiqish qilib, kuz-qish mavsumida amalga oshirilayotgan va oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar haqida gapirib berishdi.

Jumladan, joriy yilning 10 oyi davomida Samarqand viloyati bo‘yicha 3,7 milliard kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berilgani va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 143,1 million kilovat-soat ko‘p demakdir. Uning 47 foizi aholi ehtiyojlari uchun sarflangan.

Prezidentning «Respublika iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obektlarini 2017-2018 yillarda kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatda 2536 km uzunlikda elektr uzatish tarmoqlari va 751 ta transformator punktlarida mukammal ta'mirlash ishlari to‘liq bajarilganligi qayd etildi.

2017–2021 yillarda past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish va yangilash loyihasi hamda «O‘zbekenergo» AJning 2017 yil investitsiya Dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida jamiyatning investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Ixtiyor Himmatov chiqish qildi.

«O‘zdavlatenergonazorat» inspeksiyasining Samarqand viloyat hududiy bo‘lim inspektori Dilshod Nurillayev jurnalistlar va yig‘ilganlar oldida energiya tejovchi lampalarning afzalligini amalda namoyish etib berdi. Ikkita 7 Vtlik energiya tejovchi lampa va 2 ta 100 Vtlik cho‘g‘lanma lampa elektr hisoblagich orqali qancha energiya iste'mol qilishi tajribada ko‘rsatib berildi. Aholi o‘rtasida elektr tejovchi lampalardan foydalanishni targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalarining roli beqiyos ekanligi ta'kidlandi.

KUN.UZ’ga kelib tushgan, onlayn to‘lov qilish mumkin bo‘lgan elektr hisoblagichlar o‘rnatish masalasi haqidagi savoliga R.Rayimov shunday javob berdi:

«Ayni paytda Samarqand, Buxoro va Jizzax viloyatlarida ASKUE (elektr energiyasini hisoblashni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi) uchun 450 mln. dollar pul ajratilgan. Buncha pulga ushbu tizimni joriy qilguncha bitta GRES qurish ham mumkin edi. Lekin iqtisod qilish boshqa, nazoratsiz sarflash boshqa. Prezidentning 13 noyabrdagi qarori asosida ayni paytda Samarqandda Go‘zalkent hududida ASKUEni o‘rnatish yakunlanish arafasida. Elektr hisoblagichlar Samarqand elektr tarmoqlari markazi tizimiga ulangan».

Tadbirni yakunlar ekan, F.Toshev elektr ta'minoti korxonasi rahbaridan matbuot markazida jurnalistlar uchun tez-tez brifing o‘tkazish, modernizatsiya qilinayotgan hududlarga press-tur tashkil qilish kabi takliflarni bildirdi.

Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ muxbiri.
Samarqand.

Ko‘proq yangiliklar: