Yilning eng yaxshi yengil atletikachilari ma'lum qilindi

Sport 10:01 / 25.11.2017 8986

Yengil atletika federatsiyalari Xalqaro uyushmasi (IAAF) Monakodagi maxsus tantanali marosimda yilning eng yaxshi atletikachilari nomlarini ma'lum qildi. 

2017 yilning eng yaxshi ayol yengil atletikachisi belgiyalik ko‘p kurashchi Nafissatu Tiam bo‘ldi. Avgustda Tiam 23 yoshini qarshiladi.

Tiam 2016 yilda Rio Olimpiadasining oltin medalini qo‘lga kiritgandi. Joriy yilda sportchi jahon chempioni, yopiq inshootlarda Yevropa chempioni unvonlarini qo‘lga kiritdi. 

Ushbu mukofotga efiopiyalik Almaz Ayana (uzoq masofalarga yugurish) va gretsiyalik Yekaterini Stefanidi (langarcho‘p bilan balandlikka sakrash) ham da'vogarlik qilishgandi.

Foto: Mutaz Essa Barshim

Qatarlik balandlikka sakrovchi Mutaz Essa Barshim esa yilning eng yaxshi erkak yengil atletikachisi deb topildi. Barshim 2017 yilda jahon chempionati g‘olibi bo‘ldi.

Ushbu mukofotga Londondagi jahon chempionatida 10 ming metrga yugurish bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan britaniyalik Mo Fara va 400 metrga yugurishda oltin medalni qo‘lga kiritgan janubiy afrikalik Ueyd van Nikerk ham da'vogarlik qilishdi.

Faoliyatini yakunlagan, 8 karra Olimpiya chempioni Useyn Bolt uyushma prezidentining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi. 

“Yengil atletikaning porlayotgan yulduzi” yo‘nalishida ayollar o‘rtasida venesuelalik Yulimar Roxas (uch xatlab sakrash) g‘olib bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida bu unvonga Londondagi jahon chempionatida to‘siqlar osha 400 metrga yugurish bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan norvegiyalik Karsten Varxolm loyiq deb topildi.

Ko‘proq yangiliklar: