Toshkentda chiqindilarni alohida tashish loyihasi bekor qilinadi

Jamiyat 15:57 / 24.11.2017 25178

24 noyabr kuni Xalqaro press-klubda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi soha mutaxassislari bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda Euro-4, Euro-5 standartlariga mos keluvchi yoki elektromobillar ishlab chiqarish, sotishni rag‘batlantirish borasida qanday choralar rejalashtirilayotganiga oydinlik kiritildi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar berdi.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Oybek Adhamjonovning ma'lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda Euro-4, Euro-5 standartiga mos keluvchi avtomobillarni ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Prezidentning Koreya respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlardan birida ham aynan ekologik me'yorlari yuqori bo‘lgan yuk va yo‘lovchi transport vositalarini ishlab chiqish loyihalarini amalga oshirish belgilangan. Bundan tashqari, yaqinda O‘zbekiston hukumati rahbari Abdulla Aripov Germaniyada bo‘lib qaytdi. U yerda ham O‘zbekistonda yangi avtomobil zavodlarini barpo qilish, shu jumladan Euro-4, Euro-5 standartlariga mos keluvchi transport vositalarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.  

Foto: Xalqaro press-klub

Oybek Adhamjonov, shuningdek, Toshkent shahrida chiqindilarni alohida tashish loyihasining taqdiri nima bo‘lganiga oydinlik kiritdi. Uning bildirishicha, bir necha yillar jahonning rivojlangan davlatlarida chiqindilarni qayta ishlashni osonlashtirish maqsadida shu kabi ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bugungi kunda chiqindilarni qayta ishlash texnologiyalari rivojlangani sababli maishiy va qattiq chiqindilarni alohida olib chiqish talab etilmaydi. Qolaversa, chiqindilarni alohida olib chiqish moddiy jihatdan o‘zini oqlamaydi, ya'ni serxarajat hisoblanadi. 

“Biz Germaniyaga borib, bugungi kundagi chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yangi texnologiyalar bilan tanishganimizda, ular chiqindilarni zavodning o‘zida saralash vaqtida lazer yordamida ajratish imkonini berishiga guvoh bo‘ldik. Masalan, Germaniya ham chiqindilarni alohida olib ketishdan voz kechmoqda. Chunki shu kabi loyiha u yerda amalga oshirilganida chiqindilarni olib ketuvchi mashinalarni ham turkumlashtirishga to‘g‘ri kelgan. Bu esa, qayta ishlar tannarxini asossiz ravishda oshirgan”, - dedi Adhamjonov. 

Ko‘proq yangiliklar: