Toshkent viloyat IIB boshlig‘i Xalq kengashiga hisobot berdi

Jamiyat 20:00 / 24.11.2017 15524

Toshkent viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik S.Nishonboyev Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida hisobot berdi. U viloyat kesimida huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan deputatlarga axborot bergan. 

Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat, shahar va tumanlar ichki ishlar idoralari rahbarlarining xalq kengashlarida hisobot berishi yo‘lga qo‘yilishi tashabbusini ilgari surgan edi. Shunga binoan amalga oshirilgan ushbu hisobotda qayd etilishicha, tergov organlari tomonidan jami tamomlangan jinoyat ishlari bo‘yicha aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi ta'minlangan. 

Qotillik, qasddan badanga og‘ir, o‘rta hamda yengil shikast yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, bezorilik jinoyatlari kamayishiga erishilib, mahalla posbonlari bergan xabarlarga asosan 176 ta jinoyat fosh etilgan. 249 ta jinoiy guruhlar tarkibida ishtirok etgan 628 shaxsning sodir etgan 387 ta jinoyati fosh etildi.

Nishonboyevning e'tirof etishicha, viloyatda ayrim toifadagi jinoyatlarning oldini olish borasida profilaktik ishlarni kuchaytirish lozim. Jumladan, o‘g‘rilik, firibgarlik, avtotransport vositasini olib qochish, yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq 
jinoyat turlari oshgan.

Tahlillarning ko‘rsatishicha, ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asosiy qismi oiladagi nizolar tufayli sodir etilmoqda. Xususan, ayollar tomonidan sodir etilgan qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatlari turmush va birga hayot kechirish masalalaridan, yaqin qarindoshlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar natijasida kelib chiqqan.

Ko‘proq yangiliklar: