Shimollik askar Janubiy Koreyaga qochib ketgani tufayli chegarachilar almashtirildi, uning boshlig‘i jazolanadi

Jahon 15:40 / 24.11.2017 15625

Janubiy Koreya razvedkasi aniqlashicha, Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradagi harbiylardan xoli zonadagi Pxanmunjon chegara kompleksining barcha xodimlarini almashtirgan. Bu shimoliy koreyalik askar chegara orqali qo‘shni davlatga qochib o‘tishi ortidan ro‘y berdi.

Yonhap agentligi ma'lumotiga ko‘ra, ushbu askar xizmat qilgan vzvod boshlig‘i ham tegishli tartibda jazolanadi.

Hodisa 13 noyabr kuni ro‘y bergandi. Kuzatuv kameralariga muhrlangan tasvirlar 21 noyabrda e'lon qilindi.

Rolikning boshida askar harbiy mashinada chegara tomon harakatlanadi, keyin to‘siqqacha piyoda yugurib boradi. Uni kamida 4 nafar safdoshi ta'qib qiladi. Ular unga bir necha marta o‘q uzishadi. Harbiy xizmatchi mamlakatlar o‘rtasidagi demarkatsiya chizig‘iga qadar yetib boradi. Bu yerda u bir necha jarohat oladi. 

Askar demarkatsiya chizig‘ini kesib o‘tganidan so‘ng, uni janubiy koreyalik harbiylar okopdan olib chiqishgan va vertolyotda Suvondagi shifoxonaga olib kelishdi. 

OAV xabarlariga ko‘ra, KXDR askari 6 ta jarohat olgan, bundan tashqari, uning tanasida yomon gigiyena va to‘yib ovqatlanmaslikdan paydo bo‘ladigan parazitlar aniqlangan. 21 noyabr kuni u hushiga kelgan. 

Ayni vaqtda qochqin askar Janubiy Koreyadagi shifoxonada og‘ir ahvolda qolmoqda. Uning tuzalishi uchun 100 ming dollarga yaqin mablag‘ kerak bo‘ladi. Hozircha bu to‘lovni kim amalga oshirishi bo‘yicha bir qaror qabul qilinmagan.

Ko‘proq yangiliklar: