Xonadonida xalqaro aloqa xizmati ochgan “uddaburon” qo‘lga tushdi

Jamiyat 22:13 / 24.11.2017 33700

Hozir butun dunyoda shiddat bilan rivojlanayotgan axborot texnologiyalari va internet afzalliklaridan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchilar paydo bo‘lyapti. Ahror Sobirovning yoshi 40 dan oshdi. Oliy ma'lumotli bo‘la turib, biron-bir joyda ishlamaydi. 

Aloqa-axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘linmasining ko‘rsatmalaridan:

- Biz Ahror Sobirov (ism-familiyasi o‘zgartirildi)ning Andijon shahar 2-kichik dahasida joylashgan xonadoniga bordik. U elektron texnika vositalari yordamida noqonuniy ravishda xalqaro aloqa xizmati ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan ekan. U xonadonida mini-ATS tashkil qilgan. Ahror Sobirov "GSM-shlyuz" qurilmasini o‘z ixtiyori bilan taqdim etdi. Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi hududida barcha xalqaro so‘zlashuvlar "O‘zbektelekom" aksionerlik kompaniyasi tarmog‘i orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan. Ahror noqonuniy daromad topish yo‘lidan borib, xalqaro telefon aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish uchun tegishli tartibda litsenziyaga ega bo‘lmasdan faoliyat yuritgan. U Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 22 noyabrdagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan "Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida"gi Nizom talablarini buzgan.

Darvoqe, unga 2004 yilda Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya'ni firibgarlik xatti-harakatlarini sodir etganligi uchun 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi. Lekin, o‘shanda unga amnistiya qo‘l keldi. 

O‘tgan yili internet tarmog‘i yordamida telefonda xalqaro so‘zlashuvlarni tashkil qilish orqali pul ishlash haqidagi reklamalarni ko‘rdi-yu, halovati buzildi. Ko‘p qavatli uyning xonadonida o‘tirib, mini-ATS tashkil qilib foyda olsa bo‘lar ekan. Buning uchun "GSM-shlyuz" qurilmasi kerak. 

Internet orqali gaplashib, 900 AQSh dollari evaziga 16 ta kanalli "GSM-shlyuz" qurilmasini sotib oldi. Soxta hujjatlar evaziga 16 ta  uyali aloqa sim-kartalarini topdi. Shunday qilib, o‘tgan yilning sentabr oyidan boshlangan qing‘ir faoliyat 2017 yil 15 martigacha, ya'ni huquq-tartibot idorasi xodimlari xonadonga kirib kelishguniga qadar davom etdi.

Endi e'tiboringizni - "GSM-shlyuz" qurilmasi nima ekanligiga qaratsak. Bu apparat chet eldagi asosiy qurilmalar orqali boshqarib kelinadi. Hozir Rossiya Federatsiyasi hududida xalqaro telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshiruvchi firmalar mavjud. Ular arzon tariflar reklama qilgan holda kartochkalar sotadi. Ana o‘sha kartochkalarni xarid qilib, undagi kodlar orqali "GSM-shlyuz" qurilmasi bilan dunyoning istalgan mamlakati bilan kirish va chiqish qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirish mumkin.

Ahror Sobirov qurilmasi bilan noqonuniy ravishda xalqaro telefon aloqalari o‘rnatgan. Elektron hamyon orqali orttirilgan pul mablag‘larini "qora bozor"da milliy valyutaga almashtirib kelgan. “Uddaburon” noqonuniy faoliyati davrida kuniga o‘rtacha 7 ming 500 daqiqa (125 soat) abonentlar bog‘lamasini ta'minlagan. Evaziga internetdagi sherigi unga har kuni 100-116 AQSh dollari yuborib turgan.

Unga 3 yil ahloq tuzatish ishlari jazosi hamda eng kam oylik ish xaqining 75 baravari miqdorida, ya'ni 11 million 233 ming 125 so‘m jarima tayinlandi va uch yil davomida oylik ish xaqining 25 foizi daromadi davlat hisobiga ushlab qolinadigan bo‘ldi. Jazoni esa nazorat qiluvchi organlar belgilab beradigan joyda o‘taydi.

Ko‘proq yangiliklar: