Erdo‘g‘an: Anqara Damashq bilan siyosiy aloqalar uchun ochiq

Jahon 15:30 / 24.11.2017 6326

Turkiya bugungi kunda Suriya hukumati bilan aloqada emas, biroq siyosiy munosabatlar uchun ochiqligicha qolmoqda. Juma kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Sochidagi sammitdan qaytib, jurnalistlar oldida shunday bayonot bilan chiqdi. Habertürk telekanali shu haqida xabar berdi. 

"Ertaga nima bo‘lmasin, barchasi shart-sharoitlarga bog‘liq, - dedi u jurnalistlarning Anqara va Damashq o‘rtasida aloqa o‘rnatish imkoni haqidagi savollariga javob berar ekan. - Siyosatning eshiklari oxirigacha ochiq qoladi".

Turk prezidentining ta'kidlashicha, hozircha Damashq bilan qandaydir bir aloqalar o‘rnatish ko‘zda tutilmagan.

22 noyabr kuni Rossiya, Eron va Turkiya prezidentlari Sochida uchrashib, Suriyadagi terrorizmga qarshi birgalikdagi kurash masalalari bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishdi. Keyingi qadam Sochida Suriya masalasi bo‘yicha Milliy Kongressning o‘tkazilishi bo‘lishi kerak. Uning sanasi haqida hozircha ma'lumot berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: