Davlat daromadiga o‘tkazilgan qimmatbaho metallar va toshlar qayerga sotiladi?

O‘zbekiston 09:13 / 24.11.2017 12224

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga o‘tkazilgan va berilgan boyliklarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan «Fonon» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori e'lon qilindi.

Hujjat bilan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan, davlat daromadiga o‘tkazilgan va berilgan boyliklarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan «Fonon» davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasiga sotish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligiga moddiy-texnik bazani ta'minlash, shuningdek, boyliklarni saqlash, tashish, sotish va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligidan ekspertlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida sotilgan boyliklar qiymatining 2 foizini maxsus hisob raqamiga yo‘naltirishga ruxsat berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkazilgan boyliklardan samarali foydalanilishini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2013 yil 5 iyundagi 156-son qarorining 1-va 2- bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.

Nizomga ko‘ra, qimmatbaho metallar deganda - oltin, kumush, platina hamda har qanday tur va holatdagi, shu jumladan xomashyo, qotishmalar, zargarlik buyumlari va boshqa buyumlardagi, ishlab chiqarish parchalari va chiqindilaridagi platina guruhiga oid (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy, osmiy) metallar; 

qimmatbaho toshlar - tabiiy olmoslar, brilliantlar, la'llar, zumradlar, sapfirlar va aleksandritlar; 

yarim qimmatbaho toshlar - sirkoniy, fianit, oniks (aqiqning taram-taram turi), korall (marjoy), akvamarin, yashma, sun'iy yoqut, opal, qahrabo, yoqut, turmalin, ametist, berillar guruhi, malaxit, topaz, nefrit, tanzanit, agat, feruza, gematit, kon billuri, kvars, lojuvard, xrizopraz; 

boyliklar - qimmatbaho metallar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar hamda tabiiy marvaridlar tushuniladi. 

Boyliklarni (arxeologik va muzey buyumlari yoki muzey kolleksiyalari hamda boshqa madaniy qiymatga ega bo‘lgan boyliklardan tashqari) «Fonon» DIIChKga sotish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha shartnoma asosida, to‘lovni to‘liq oldindan to‘lash shartlarida milliy valyuta (so‘m)da quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

qimmatbaho metallar uchun - London qimmatbaho metallar birjasining ertalabki fiksing narxi va Markaziy bankning to‘lov hisob raqami yozilgan sanadagi kursi bo‘yicha (qimmatbaho metallarning sof og‘irligi bo‘yicha);

yarim qimmatbaho, qimmatbaho toshlar va marvaridlar uchun - «Fonon» DIIChKning tegishli xarajatlari qoplangan holda baholovchi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda o‘tkazilgan baholashlar asosida.

Yarim qimmatbaho, qimmatbaho toshlar va marvaridlarni baholash zargarlik buyumlarining ichki va tashqi bozorlar kon'yunkturasi bo‘yicha mavjud ma'lumotlar asosida baholash kunida amal qilgan narxlar bo‘yicha baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi.

Boyliklarni sotishdan tushadigan pul mablag‘lari Agentlikning maxsus hisobvarag‘iga tushishiga qarab vakolatli bankda uch bank ish kuni mobaynida quyidagi tartibda taqsimlanadi:

2009 yil 15 iyulgacha olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkazilgan boyliklar bo‘yicha - 100 foiz miqdorida rekvizitlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyeti maxsus hisobvarag‘iga;

2009 yil 15 iyuldan keyin olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkazilgan boyliklar bo‘yicha:

98 foizi — pul mablag‘larini keyinchalik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining maxsus hisobvarag‘iga;

2  foizi - Agentlikning maxsus hisobvarag‘iga;

davlat daromadiga o‘tkazilgan boyliklar bo‘yicha:

98 foizi - O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyetiga;

2  foizi - Agentlikning maxsus hisobvarag‘iga;

davlat foydasi uchun rad etilgan, bojxona rejimi ostiga joylashtirilgan boyliklar bo‘yicha:

50 foizi - O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjyetiga;

50 foizi - davlat mulkini boshqarish bo‘yicha ushbu vakolatli organning davlat foydasi uchun rad etilgan, bojxona rejimi ostiga joylashtirilgan boyliklarni baholash, saqlash va sotish hamda boshqaruv va ma'muriy funksiyalarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltiriladigan davlat mulkini boshqarish vakolatiga ega bo‘lgan organning byudjyetdan tashqari maxsus hisob varaqlariga (yoki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Faznachiligining tegishli bo‘linmalarida ochilgan shaxsiy hisobvaraqlariga).

Ko‘proq yangiliklar: