Avtomobil va aviatsiya benziniga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi

O‘zbekiston 09:34 / 24.11.2017 12487

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan avtomobil va aviatsiya benziniga, dizel va kema yonilg‘isiga, reaktiv dvigatellar uchun yonilg‘iga va mazutga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament tasdiqlandi.

Hujjat "Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda avtomobil va aviatsiya benziniga, dizel va kema yonilg‘isiga, reaktiv dvigatellar uchun yonilg‘iga va mazutga qo‘yiladigan yagona talablarni belgilash maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan avtomobil va aviatsiya benziniga, dizel va kema yonilg‘isiga, reaktiv dvigatellar uchun yonilg‘iga va mazutga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament ilovaga muvofiq tasdiqlandi va rasmiy e'lon qilingan kunidan boshlab olti oy o‘tgach amalga kiritiladi.

"Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq texnik reglamentlar amalga kiritilgach, standartlashtirish bo‘yicha ularda ko‘rsatilgan mahsulotlar va xizmatlarga doir ilgari qabul qilingan normativ hujjatlarning majburiylik xususiyatini yo‘qotishi va belgilangan tartibda qo‘llanilishida ixtiyoriylik kasb etishi ma'lumot uchun qabul qilindi.

"O‘zstandart" agentligi vakolatli organlar bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Umumiy texnik reglament amalga kiritilgan kundan boshlab avtomobil va aviatsiya benzinini, dizel va kema yonilg‘isini, reaktiv dvigatellar uchun yonilg‘ini va mazutni standartlashtirish bo‘yicha normativ hujjatlarni qo‘llashda majburiylik xususiyatini bekor qilish va ixtiyoriylikni ta'minlash yuzasidan belgilangan tartibda chora-tadbirlar ko‘radi.

"O‘zbekneftgaz" AJ, "O‘zstandart" agentligi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda tasdiqlangan Umumiy texnik reglamentning maqsadlari, mazmuni va uni qo‘llash tartibi to‘g‘risida aholi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik faoliyati sub'yektlarining keng xabardor qilinishini ta'minlaydilar.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.Sultonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ boshqaruvi raisi N.Otajonov hamda "O‘zstandart" agentligining bosh direktori A.Karimov zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: