Turkiya prezidenti 65 yil ichida ilk bor Gretsiyaga tashrif buyuradi

Jahon 19:07 / 23.11.2017 7552

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yaqin kunlarda Gretsiyaga tashrif buyuradi. Bu haqda Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Hakan Chovusho‘g‘luga iqtibos keltirgan holda “Anadolu” axborot agentligi xabar bermoqda.      

“Prezidentimiz oxirgi 65 yil ichida Gretsiyaga tashrif buyuradigan ilk Turkiya prezidenti bo‘ladi. O‘ylashimcha, bu tashrif sezilarli natijalar beradi”, deb aytdi Chovusho‘g‘lu. 

Ta'kidlanishicha, tashrif sanasi keyinroq aniqlashtirilib, ma'lum qilinadi.

Oxirgi marta Turkiya prezidentlaridan Mahmud Jalol Bayor 1952 yilda Gretsiyaga tashrif buyurgan.

Gretsiya va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar azaldan yaxshi bo‘lmagan. 20-asr boshida ikki davlat 3 marta o‘zaro urush olib borgan – 1912 yil Birinchi Bolqon urushi vaqtida, 1914-1918 yillarda Birinchi jahon urushi vaqtida va 1920-1922 yillarda grek-turk urushi. 

Afina va Anqara tinchlik sulhini imzolagandan keyin milliy ozchiliklar muammosini hal qilishga muvaffaq bo‘lganlar: 1922 yildan 1924 yilgacha Turkiyadan Gretsiyaga 1,3 mln grek, Gretsiyadan Turkiyaga 350 ming turk deportatsiya qilingan.

1974 yilda Kipr oroli atrofidagi bahs – grek-kipriotlar va turk-kipriotlar o‘rtasidagi mojaro sababli ikki davlat o‘rtasida yana qarama-qarshilik vujudga kelgan. O‘shanda Afinada hukmronlik qilgan “qora polkovniklar” Kiprning Gretsiyaga qo‘shib olishini e'lon qilishgan. Bunga javoban Anqara Kiprning turk aholisini himoyalash vaji bilan orolning shimoliy qismiga qo‘shin olib kirgan. Keyinroq u yerda Shimoliy Kipr turk respublikasi tashkil etilgan. Bu respublikani dunyoda faqat Turkiyaning o‘zigina tan oladi.

1987 yilda Gretsiya va Turkiya Egey dengizida neftga boy shelf sababli yana nizoga borgan. O‘shanda g‘arb davlatlari vositachiligida ixtilofning oldi olingan. Natijada ikkala davlat ham shelfni burg‘ilashdan voz kechgan.

Ko‘proq yangiliklar: