Samarqandda viloyat gazetalari shaxmatchilar va havaskorlarni jamladi

Sport 22:57 / 23.11.2017 6274

Samarqand viloyat matbuot uyida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi hamda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi viloyat bo‘limi hamkorligida shaxmat bo‘yicha «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari sovrini uchun musobaqa o‘tkazildi.

Tadbirning ochilish marosimida viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Ro‘ziyev, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Abduvahob Vohidov, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev yurtimizda shaxmat sportini keng targ‘ib etish va ommalashtirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning tafakkur darajasini o‘stirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida ibratli ishlar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

— Bugun dunyo aholisining besh yuz milliondan ortig‘i shaxmat bilan shug‘ullanadi, — deydi O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori A.Vohidov. — Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDe)ga a'zo davlatlarning soni 170 tani tashkil etadi. O‘zbekiston ham shubhasiz, ana shunday mamlakatlar sirasiga kiradi. Mustaqillik yillarida sportning mazkur turini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi.

Salkam qirq besh yillik tarixga ega Samarqand shaxmat maktabi esa Sh.Safin, A.Anorqulov, J.Vohidov, A.Barsov, M.Jumayev hamda T.Vohidov kabi olti nafar xalqaro grossmeysterlarni tarbiyaladi.

Musobaqada Samarqand viloyatining tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan 18–60 yoshdagi 70 nafarga yaqin havaskor shaxmatchilar o‘zaro bahsga kirishdi.

Murosasiz kechgan musobaqaning erkaklar bahsida birinchi o‘rin Nurobod tumanining Oltinsoy mahallasida yashovchi H.Suyunovga nasib etdi. Ikkinchi o‘ringa Kattaqo‘rg‘on shahar Do‘stlik mahallasidan Yu.Aleksandrov loyiq topildi. Ishtixon tumanining Damariq mahallasidan kelgan D.Samatov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Samarqand shahrilik F.Vohidovaga teng keladigani topilmadi. Oqdaryo tumanining Miyonqol, Toyloq tumanining Do‘stlik mahallalarida yashovchi shaxmatchilar F.Xudoyberdiyeva, D.Samiyeva ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashdi.

Folib va sovrindorlarga tashkilotchilar hamda musobaqa hamkorlari — Past Darg‘om tumanidagi «Beka Charos» xususiy korxonasi, «Matbuot uyushmasi» MChJ, «Sog‘lom avlod» xayriya jamg‘armalari tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar topshirildi.

O‘z muxbirimiz.

Baxtiyor Mustanov olgan suratlar.

Ko‘proq yangiliklar: