Peterburgda tojikistonlik «xalq generali» izsiz g‘oyib bo‘ldi

Jahon 11:52 / 23.11.2017 19480

Tojikistonda 90-yillarda taniqli bo‘lgan diniy arbob Said Qiyomiddin G‘oziy Istanbuldan Sankt-Peterburgga kelganidan so‘ng izsiz g‘oyib bo‘lgan. Bu haqda uning yaqinlari ma'lum qilishgan. Said Qiyomiddin G‘oziy so‘nggi bor Piter aeroportidan o‘g‘liga 21 noyabrga o‘tar kechasi qo‘ng‘iroq qilib, Tojikistonga deportatsiya qilishayotganini aytgan.

Diniy arbobning turmush o‘rtog‘i Rajabgul Musulmonovaning aytishicha, Said Qiyomiddinni Sankt-Peterburg-Xo‘jand reysiga o‘tkazishgan, biroq So‘g‘d viloyati ma'muriy markaziga yetib kelgan yo‘lovchilar orasida u bo‘lmagan. Xo‘jand aeroportida esa uning yaqinlariga Said Qiyomiddin G‘oziyning ahvoli yomonlashgani hamda «Tez yordam» mashinasi uni shifoxonaga olib ketganini ma'lum qilishdi.

Shu bilan birga, Tojikiston muxolifati vakillarining xabar berishicha, Said G‘oziy Sankt-Peterburg shahri aeroportida Tojikiston va Rossiya maxsus xizmati tomonidan ushlangan. U o‘sha kuniyoq Xo‘jandga ekstraditsiya qilingan. Ayni damda diniy arbob shahardagi tergov izolyatorlaridan birida saqlanayotgani iddao etiladi.

Ma'lum qilinishicha, G‘oziy 2015 yildan beri Sankt-Peterburgda istiqomat qilgan. U bu shaharda kafega egalik qiladi. Rajabgul Musulmonovaning bildirishicha, turmush o‘rtog‘i Tojikistonda ham, Rossiyada ham qidiruvda bo‘lmagan. Diniy arbob anchadan beri siyosat bilan shug‘ullanmagan.

Qiyomiddin G‘oziyev yoki Eshon Said Qiyomiddin G‘oziy 1992 yilda «Shohidon» (Tojikiston kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi sobiq binosi) maydonida nutq so‘zlagan notiqlardan biri bo‘lgan. O‘shanda bu maydonda kommunistik rejimga qarshi bo‘lganlar to‘plangan. Shu voqeadan so‘ng unga «xalq generali» norasmiy unvoni berilgan. U Tojikistonda fuqarolik urushi boshlangandan so‘ng Afg‘onistonga o‘tib ketib, Tojikiston birlashgan muxolifati bilan hamkorlik qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: