Koreyada Shavkat Mirziyoyev haqida kitob chop etildi

O‘zbekiston 08:00 / 23.11.2017 21674

Koreya Respublikasida Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimidagi faoliyatining birinchi yili haqida koreys tilida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev” nomli kitob chop etildi.

Foto: Prezident tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi

Prezident matbuot markazi ma'lumot berishicha, 20 noyabr kuni nashr etilgan ushbu kitob 8 bo‘limni o‘z ichiga olgan 320ta sahifa va ko‘plab suratlardan iborat bo‘lib, 50 ming nusxada chop etildi.

Nashrda Shavkat Mirziyoyevning avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, so‘ng Prezident lavozimidagi faoliyati haqida batafsil ma'lumot berilgan. Prezidentning O‘zbekiston va xorijda so‘zlagan nutqlaridan, jumladan, inauguratsiya marosimida, Konstitutsiya bayramida, BMT Bosh assambleyasidagi nutqidan hamda  yangi yil bayrami tabrigidan iqtiboslar keltirilgan.

Kitobda Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha  sohalarda boshlangan juda muhim islohotlarning tahliliga katta e'tibor qaratilgan.  Iqtisodiyotning liberallashuvi, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va himoyalash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar, valyuta bozorini liberallashtirish, aholining ijtimoiy himoyasi, mamlakat viloyatlariga nisbatan yangi siyosat, so‘z erkinligi va konstitutsiyaviy huquq tamoyillarini himoya qilish, jamiyatda kuzatilayotgan umumiy demokratlashtirish va liberallashuv, bularning barchasi Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan yangi islohotlarning dastlabki  natijalaridir.

Kitobning “2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” nomli bobini muallif katta qiziqish bilan alohida tahlil qilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosatdagi mintaqaviy hamkorlikning yangi impulsiga turtki bo‘lgan, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqan tashabbuslari haqida so‘z boradi. O‘tgan bir yil davomida Prezident Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga tashrifi, O‘zbekistonga tashrif buyurgan bir necha davlat rahbarlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar yetakchilari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralari haqida batafsil ma'lumot berilgan.

Shu kunlarda koreys diasporasining O‘zbekistonda istiqomat qilayotganiga  80 yil to‘lmoqda va bu sana mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.  Kitob muallifi O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida gumanitar sohada uzoq yillardan buyon  davom etayotgan mustahkam do‘stona munosabatlarni chuqur hayajon bilan hikoya qiladi.

Kitobda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p yillik muvaffaqiyatli savdo-iqtisodiy hamkorlikka ham keng o‘rin berilgan.

Quyida kitobdan bir nechta iqtiboslarni e'tiboringizga havola etamiz:

“...2016 yil 31 dekabr...Bu kun O‘zbekiston fuqarolari uchun  hayajonli va  unutilmas bo‘ldi.Odatda, yangi yil arafasida nafaqat bolajonlar, balki  kattalar ham o‘zgacha kayfiyatda bo‘ladilar.

… Bayram dasturxonini tayyorlash bilan band bo‘lgan bir paytda har bir inson o‘tayotgan yil sarhisobini xayolidan o‘tkazadi. Ko‘z oldida surat va raqamlarda yilning eng muhim va asosiy voqealari o‘tadi. Va asta-sekin yangi yilga reja va hisob-kitoblar qilinadi. Yangi umidlar, yangi orzular paydo bo‘ladi. Xo‘sh, o‘zbekistonliklar uchun o‘tayotgan yilning so‘nggi kuni nimasi bilan o‘zgacha bo‘ldi?

Baland ovozlar bilan soat tunggi o‘n ikkiga  qo‘ng‘iroq urishidan bir necha daqiqa oldin mamlakat tarixida birinchi bor televideniye orqali yangi yil tabrigi bilan xalqqa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Muhtaram Shavkat Mirziyoyev yuzlandi. Atrofda chiroyli yashil archalar, Muhtaram Prezident Senatning qordek oppoq binosi fonida O‘zbekiston xalqini bayram bilan qutladi. Yulduzli, musaffo osmon, oy yarqirab turar edi. Prezident ikki tilda, o‘zbek va rus tillarida samimiyat va ishonch bilan xalq qalbiga juda yaqin bo‘lgan tuyg‘ular haqida gapirdi. U qog‘ozdan o‘qimadi, u xalqqa samimiy murojaat qildi. Butun mamlakat, butun xalq televizorga yuzlandi. Uylarda sokinlik hukm surar edi. Axir, tarixda bunaqasi hech qachon bo‘lmagan edi...”

Kitob - Inchxon oliy maktabi va Koreya xorijiy tillar instituti bitiruvchisi ChoCholXyon tomonidan yozilgan. 1989-1995 yillarda Koreya televideniye, radioeshittirish va kommunikatsiya uyushmasida jurnalist sifatida faoliyat yuritgan. 2003-2016 yillarda “OnbookTV” koreys telekanalining raisi lavozimida ishlagan. Noshirlik va adabiyot mavzularida hujjatli filmlar, bir nechta roman va esselar muallifi.

Kitob Koreya Respublikasida OAV sohasidagi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan “UzKorEconomyMediaGroup” tomonidan chop etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: