Farg‘onada bojxona xodimlari Qirg‘izistondan Orbit saqichlari noqonuniy yo‘l bilan olib kirilishini to‘xtatishdi

Jamiyat 08:55 / 23.11.2017 12116

Respublikaga xorijdan import qilinayotgan tovarlar uchun davlat byudjyetiga undiriladigan bojxona to‘lovlari aslida aholiga ish haqi, stipendiya va nafaqalar tarzida sarf etilishi hech kimga sir emas. Ana shu oddiy haqiqatni tushunib yetmayotgan, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlar esa bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlab, shaxsiy manfaatlari uchun turli nayranglarga qo‘l urishmoqda.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, kuni kecha Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan ana shunday urinishlardan bir nechtasi fosh etildi.

Gap shundaki, “Vodil-Farg‘ona” yo‘nalishida harakatlanayotgan Dongfeng rusumli yuk avtomashinasi chegara nazorat hududlarida kelib ketishi shubhali ko‘ringanligi bois, nazoratga olindi. Fuqaro M.Ergashev boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinasi Farg‘ona shahar "Yormozor" MFY hududidagi joylashgan raqamsiz xonadon ichiga kirgan vaqtida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtomashina bort qismining tagida tashqi tomondan ko‘rinmaydigan qilib yashirin ravishda, bojxona nazoratini chetlab aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan, umumiy qiymati 30 mln. so‘mlik jami 15.000 dona Orbit nomli saqichlar borligi aniqlandi.

Shuningdek, ushbu avtomashina kirgan xonadon ko‘zdan kechirilganida, xonadonning yashash xonalarida saqlanayotgan, Qirg‘iziston Respublikasidan bojxona nazoratini chetlab aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan, hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 50 mln. so‘mlik: 78 dona erkaklar jinsi shimi, 210 dona Nestle nomli shokoladlar, 22840 dona Orbit nomli saqichlar borligi aniqlandi.

Shu bilan birga olib borilgan tezkor tadbir davomida avtomashina egasi M.Ergashevning Farg‘ona tumanidagi yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi, xonadonga kirishda darvozaxonasi yonida muqaddam Qirg‘iziston Respublikasidan bojxona nazoratini chetlab, aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan, qiymati 6 mln. so‘mlik 3000 dona Orbit nomli saqichlar saqlanayotgani aniqlandi.

O‘tkazilgan tadbir davomida umumiy qiymati 86 mln.630 ming so‘mlik tovar moddiy boyliklari ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Huddi shunday qonunbuzarlik holati fuqaro A.Mamasidiqov tomonidan ham sodir etildi. Uning boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashinasida yoqilg‘i quyish baki ichiga umumiy qiymati 108 mln.650 ming so‘mlik jami 98 dona REDMI 4X markali uyali telefon apparatlari hamda avtomashina zaxira balonida 1700 dona qoshiq mahsuloti yashirilgan ekan.

Bojxonachilarning ko‘zini shu tariqa shamg‘alat qilishga uringan qonunbuzarlar bu usullari bilan davlat byudjyetiga undirilishi lozim bo‘lgan 35 mln. so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashgan.

Afsuski, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga egri yo‘llarni ixtiyor qilgan tadbirkorlar bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash orqali mamlakatdagi ichki raqobat muhitiga ham ziyon yetkizibgina qolmay, aholi salomatligiga jiddiy ziyon yetkazishini o‘ylab ko‘rmayotgan bo‘lsalar.

Ko‘proq yangiliklar: