Yangi qaror: «Hunarmand» uyushmasi faoliyati yanada takomillashtiriladi 

O‘zbekiston 08:35 / 23.11.2017 12732

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Hunarmand» uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan quyidagilar «Hunarmand» uyushmasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

birinchidan, hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, xalq hunarmandchiligi va amaliy san'atning an'anaviy turlarini saqlash va qayta tiklash, hunarmandchilik mahsulotlarining raqobatdoshligini va sifatini oshirish bo‘yicha tizimli va maqsadli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ikkinchidan, aholini hunarmandchilik faoliyatiga keng jalb etish, hunarmandchilik sohasida bandlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, hunarmandlarni davlat ro‘yxatiga olishda ko‘maklashish, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning yagona reyestrini yuritish;

uchinchidan, hunarmandchilik sohasidagi qonunchilik va me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, hunarmandlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda davlat organlarida hunarmandlarning manfaatlarini ifodalash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

to‘rtinchidan, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish va takomillashtirish, sayyohlar uchun jozibador bo‘lgan hunarmandchilik obektlari yaratish;

beshinchidan, hunarmandchilik mahsulotlarini keng jamoatchilik orasida ommalashtirish, iste'molchilarga hunarmandchilik mahsulotlarini iste'molchilarga sotish, jumladan ularni eksport qilishni rag‘batlantirish, uchun qulay shart-sharoit va zarur infratuzilmani yaratish;

oltinchidan, hunarmandchilik sohasida avlodlar vorisligini ta'minlash, hunarmandlarning yoshlarni mehnatsevarlik, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda faol ishtirokini rag‘batlantirish, «Usta-shogird» maktablarini takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish.

Quyidagilar «Hunarmand» uyushmasining daromadlarini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

«Hunarmand» uyushmasi a'zolarining a'zolik badallari;
xalqaro donorlarning grantlari, homiy tashkilotlarning mablag‘lari;
vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga va boshqa moliyaviy vositalarga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
pullik xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi hunarmandchilik mahsulotlarini uzoqdagi tumanlar (shaharlar)dan sotib olish va kelgusida yirik shaharlarda sotish hamda eksport qilish uchun «Hunarmand» uyushmasi huzurida savdo-xarid qilish korxonalari tashkil etilishini ikki oy muddatda ta'minlaydi.

«Hunarmand» uyushmasiga kasanachilik mahsulotlar (ishlar va xizmatlar) ishlab chiqarish funksiyasiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmalar tashkil etish, shuningdek, pudratchi korxonalar sifatida, ayniqsa respublikaning qishloq va uzoq tumanlarida, kasanachilar bilan hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqi berildi.

Toshkent shahar hokimligi Respublika hunarmandchilik markazini tashkil etish hamda hunarmandchilik mahsulotlari va milliy liboslari ko‘rgazma-yarmarkalarini doimiy ravishda o‘tkazish maqsadida Olmazor tumani, Zarqaynar ko‘chasi, 1-uy manzilida joylashgan «Zarqaynar» milliy liboslar galereyasini «Hunarmand» uyushmasiga biriktiradi.

«Hunarmand» uyushmasi Toshkent shahar, Do‘mbrobod ko‘chasi, 74-uy manziliga joylashtirildi.

Ko‘proq yangiliklar: