2017 yilning eng asosiy 10 ixtirosi

Fan-texnika 17:11 / 23.11.2017 51916

TIME jurnali har yili yilning eng yaxshi ixtirolari ro‘yxatini e'lon qiladi. Bu yil ham istisno bo‘lmadi. Quyida joriy yildagi eng e'tiborga molik ixtirolar o‘nligini e'tiboringizga havola etamiz.

1. Muloqot qila oladigan robot

Foto: Jibo, Inc.; Allison Schaller

Narxi — 899 dollar

Amazon Echo va Google Home kabi ovozli yordamchilar bilan jihozlangan aqlli karnaylardan farqli o‘laroq, Jibo tirik mavjudotga o‘xshaydi. Uning dizayni Pixar studiyasi personajlarini esga soladi: his-hayajonlar katta yumaloq yuzda animatsiyalashgan belgilar yordamida ifodalanadi. Jibo kula oladi, raqsga tushadi, chaqirilganda egasi tomon buriladi. Bu yordamchi hali ancha takomillashtirilishi kerak: u egasiga yangiliklar lentasini taqdim etib, suratga tushira oladi, biroq musiqa ijro etolmaydi. Uber kabi tashqi ilovalarni ishga tushirolmaydi. Nima bo‘lganda ham, bu mo‘'jaz robot inson qiyofasidagi yangi robotlar ichra birinchi qaldirg‘och hisoblanadi.

 

2. eSight

Foto: TIME

Narxi — 9995 dollar

Ko‘z nuridan ajralgan millionlab insonlar ko‘chada yurish uchun hassa yoki yetaklovchi itlardan foydalanishadi. Ushbu yangi aqlli ko‘zoynak ularga yordam beradi. eSight yuqori tiniqlikda video yozadi va uning kontrastligini oshirib, qayta ishlaydi. Natijada juda yomon ko‘radigan insonlar ham yorug‘ olamni ko‘rishi mumkin. Bu ularga, masalan, sport bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Keng omma xarid qilishi uchun hozircha qurilmaning bahosi juda yuqori, lekin undan foydalanilayotgan xaridorlar soni 1000 dan oshgan.

 

3. Thyssenkrupp

 

Foto: TIME

Thyssenkrupp MULTI — xuddi yuqori tezlikka ega poyezdlardagidek, magnitli levitatsiya texnologiyasidan foydalaniladigan liftlar tizimidir. Lift kabinalari vertikal va gorizontal harakat qilib, biri to‘xtab ikkinchisini o‘tkazib yuborishi ham mumkin. Bu nafaqat lift kutish vaqtini qisqartiradi, shuningdek, binolar qurilishiga ham juz'iy o‘zgartirishlar kiritadi. Bu yil sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgach, dastlabki MULTI Berlinda 2021 yilda ishga tushadi.

 

4. Apple iPhone X

Foto: TIME

Narxi — 999 dollar

Iphone X — ekrani butun sirtini qoplab olgan, kuchli protsessor va egasini tanib oladigan kameraga ega dunyodagi eng murakkab smartfon bo‘lsa kerak. Ming dollarga yaqin narx uni “Ayfon”lar ichida eng qimmatiga aylantiradi. Narxining balandligiga sabab shuki, qurilmaning mo‘'jaz sig‘imi ko‘plab murakkab texnologiyalarni o‘zida jamlagan. Kompaniyadagilarning aytishicha, iPhone’ning yangi avlodlarida qanday innovatsiyalar paydo bo‘lishini ham ular allaqachon bilishadi.

 

5. Nike Pro Hijab

Foto: TIME

Narxi — 35 dollar

Hijobda sport bilan shug‘ullanish qiyin: agar mato dag‘al bo‘lsa u sportchi ayolni terlashga majbur qiladi, yengil bo‘lsa musobaqa davomida sirg‘alib tushishi mumkin. Nike’s Pro Hijab bu muammoga barham beradi. An'anaviy hijobdan farqli o‘laroq u yengil nafas oladigan matodan tayyorlangan va o‘ziga namni singdiradi. Endi musulmon ayollar an'anaviy qadriyatlarga rioya qilish va sport bilan shug‘ullanish o‘rtasida ikkilanib o‘tirishmaydi.

 

6. Tesla Model 3

 

Foto: TIME

Elektr avtomobillar odatda juda qimmat va yurish masofasi ham cheklangan. Tesla tomonidan ishlab chiqilgan Model 3 har ikki muammoni ham bartaraf etadi: bu mashinaning narxi 35 ming dollar, bir quvvatlashda bosib o‘tadigan masofasi esa 320 km. Iste'molchilar unga juda qiziqib qolishgan va Model 3’ni ommaviy ravishda xarid qilishga tayyor, biroq ishlab chiqaruvchi hanuzgacha mashinani va'da qilingan darajada yetkazib bera olmayapti. Ilon Mask yangi model bilan bog‘liq holatni «ishlab chiqarish jahannami» deb atamoqda, biroq kelajakka optimistik kayfiyatda boqmoqda.

 

7. DJI Spark

 

Foto: TIME

Narxi — 499 dollar

So‘nggi yillar ichida uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar o‘z qo‘llanilish sohasini kartografiyalashtirishdan tortib, qidiruv-qutqaruv ishlarigacha o‘zgartirdi. DJI Spark dronining maqsadi oddiygina: o‘ta sifatli surat va videolar olish. Bu qurilmaning afzalligi — boshqaruvning osonligi (imo-ishoralar yordamida), havoda turg‘un tura olishi va nisbatan arzonligida. Spark uchuvchisiz boshqariladigan uchar qurilmalarining narxida asosiy sanoq nuqtasi bo‘lishi mumkin.

 

8. Bempu

Foto: TIME

Narxi — 28 dollar

Muddatidan avval, chala tug‘ilgan chaqaloqlar issiqlik yo‘qotilishidan ko‘p aziyat chekishadi va bu ularning salomatligiga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin. Bempu bilakligi chaqaloqning qo‘liga taqiladi va uning haroratini nazorat qiladi. Agar harorat keskin tushib ketsa, u bezovtalanib signal chaladi va zarg‘aldoq chirog‘ini yoqadi. Qurilma allaqachon Hindiston va yana 25 davlatdagi 10 mingdan ziyod chaqaloqqa yordam bergan.

 

9. Nintendo Switch

Foto: TIME

Narxi — 300 dollar

Nintendo Switch bilan uydan chiqib ketib ham o‘ynashda davom etishingiz mumkin. Qurilma tarkibiga cho‘ntak plansheti kiradi va yana bir o‘yinchiga yurib turib ham o‘yinda ishtirok etish imkonini beradi. Shuningdek, mavjud ikki kontroller yordamida bir necha foydalanuvchi o‘zaro o‘ynashlari mumkin. Uyga qaytgan kishi yana uyda turgan konsolga ulanib, o‘yinni davom ettiradi. Bunday qulaylik foydalanuvchilarga juda ma'qul keldi va Nintendo 7,63 mln. qurilmani pullab bo‘ldi.

 

10. Spinner

Foto: TIME

Spinnerlarni sevishingiz yoki ulardan nafratlanishingiz mumkin, biroq bir narsani tan olmasdan iloj yo‘q: o‘tib borayotgan yilda ular hamma yoqqa tarqaldi (garchi ixtiro qilinganiga ancha bo‘lgan bo‘lsa-da). Spinnerlarga qiziqish virus tusini oldi. Ayrimlar bu o‘yinchoqlar autizm, e'tibor va giperaktivlik yetishmasligi sindromida yordam berishi mumkinligini ta'kidlashgan bo‘lsa-da, bunga isbot keltirilmagan. Biroq, spinner bolakayni, hattoki katta insonni ham uzoq vaqt ovutib tura oladi.

Ko‘proq yangiliklar: