Asakadagi zavodda kompakt krossoverlar seriyali ishlab chiqarilishi boshlanadi

Fan-texnika 12:03 / 22.11.2017 115817
Foto: O‘zavtosanoat 

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida «O‘zavtosanoat» AJ tomonidan yangi yo‘lovchi tashuvchi Tracker avtomobili, modernizatsiya qilingan Cobalt modeli, shuningdek, mototsikl va motorollerlarni seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Kelishuvlar doirasida yangi avlod Chevrolet Tracker ixcham avtomobilini seriyali ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Avtomobil 1,8 litrli 140 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlanadi. 100 km.ga yoqilg‘i sarfi 8,1 litrni tashkil qiladi. Ishlab chiqarish to‘liq texnologik sikl (shtamplash, payvandlash, bo‘yash, yig‘ish) bo‘yicha amalga oshiriladi. Avtomobilning mahalliylashtirish darajasi 50 foizdan oshadi.

Foto: O‘zavtosanoat 

Bundan tashqari, kelishuvda Cobalt avtomobilini yangilash ham nazarda tutilgan. Bu esa o‘z o‘rnida ichki va tashqi bozorlarda modelning jozibadorligini oshiradi. GM Uzbekistan Alliance’ning ishlab chiqarish va eksport salohiyatining o‘sishiga yordam beradi. Ikkala modelning seriyali ishlab chiqarilishi Asaka avtomobil zavodi negizida 2019- yildan boshlanadi. 

Tashrif davomida «O‘zavtosanoat» AJ va «DK Group» o‘rtasida mototsikl va uch g‘ildirakli yuk tashuvchi motorollerlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shartnoma O‘zbekistonda mototsikl va uch g‘ildirakli yuk tashuvchi motorollerlarni turli modellarini ishlab chiqish imkonini beradi. Motosikl va motorollerlar qulay narx segmentida taqdim etilib, uzoq masofadagi o‘tish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi aholining harakatlanishida va mahsulotlarni tashishda juda qulay hamda narxi bir necha barobar arzon.

Foto: O‘zavtosanoat 

«O‘zavtosanoat» AJ va Koreya Respublikasi avtomobil sanoati korxonalari o‘rtasida  o‘tkazilgan uchrashuvlar natijasida umumiy qiymati 189,9 mln. AQSh dollariga teng 7 ta bitim, savdo-iqtisodiy sohaga oid 614 mln dollarlik shartnomalar imzolandi.

Ko‘proq yangiliklar: