O‘zbekiston Yevroittifoq loyihasi doirasidagi eng yaxshi tajribalar bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi

O‘zbekiston 21:50 / 21.11.2017 8093

21 noyabr kuni Olmaota shahrida Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining atrof-muhit muhofazasi va suv resurslari bo‘yicha yakuniy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.

Loyihaning yakuniy anjumani bugunga qadar olingan asosiy natijalarni namoyish qilish va kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlandi.

Anjumanda ishtirok etgan barcha ishtirokchilar mintaqa mamlakatlari tabiiy resurslardan foydalanishga doir mummolar yuzasidan to‘laqonli muloqotning yo‘lga qo‘yilmasligi Markaziy Osiyo mamlakatlariga qimmatga tushishini, bu esa ularga iqtisodiy jihatdan zarar yetkazishini ta'kidlashdi. Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, suv resurslarini muhofazalash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan taqdirda, mintaqa kamida 4,5 milliard dollar yo‘qotgan bo‘lardi.

Anjumanda shuningdek loyiha doirasidagi eng yaxshi tajribalarga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bugunga qadar o‘rganilgan eng yaxshi tajribalar soni 194 tani tashkil qilgan bo‘lsa, shulardan eng ko‘pi, ya'ni 58tasi O‘zbekiston tajribasiga to‘g‘ri kelishi qayd etildi.

Bundan tashqari, har bir mamlakat vakillari loyiha doirasidagi takliflari bilan bo‘lishishdi. OAV, mahallalar, idora va tashkilotlar hamkorlikda atrof-muhit va suv resurslariga oid muammolar bo‘yicha iste'molchilarning xabardorligini oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Ta'kidlash joizki, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlashi ostida "Markaziy Osiyoda atrof-muhit muhofazasi va suv resurslarini boshqarishga doir masalalar bo‘yicha qarama-qarshiliklarni bartaraf etish maqsadida muloqotni yo‘lga qo‘yish" loyihasini ijro etib kelmoqda. Mazkur loyiha to‘rt asosiy qismdan iborat bo‘lib, bular:

  • Suv resurslarini boshqarishga yo‘naltirilgan yirik mintaqaviy va xalqaro tadbirlar;
  • Mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirish;
  • Suv, yer va energetika resurslaridan foydalanishda tajriba almashish;
  • Salohiyatni oshirish.
Ko‘proq yangiliklar: